Qo‘shrabotliklar qishloqqa qaytmaydimi?

Qo‘shrabot tumanida 44 ta maktab filiallari mavjud bo‘lib, shu paytga qadar 26 ta filial uchun sendvich paneldan zamonaviy binolar qurilib foydalanishga topshirildi.

- Shu paytga qadar maktabimiz o‘quvchilari 4-5 kilometr yo‘l bosib maktabga qatnardi, - deydi 50-maktab direktori Sunnatilla G‘afurov. – Mahallamizdagi Yakkatut qishlog‘idan filial uchun 60 o‘rinli zamonaviy bino qurildi. Sendvich paneldan bunyod etilgan bu binoda o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Tumanning olis hududlaridagi o‘zlashtirishi past bo‘lgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida Navoiy viloyatidan kelgan tajribali o‘qituvchilar dars beryapti.

- Navoiy viloyatidan kelib, tumanning Chimmos mahallasining To‘ra qishlog‘idagi 19-maktabda rahbarlik qilyapman, - deydi O‘ktam Mardonov. – Oilamiz bilan ko‘chib kelganmiz. Turmush o‘rtog‘im qo‘shni qishloqdagi 41-maktabda dars beryapti. Qishloq aholisi bizni xushkayfiyatda qarshi oldi. Bu yerdagi ustozlar bilan tezda til topishib, oldimizga ulkan maqsadlarni qo‘ydik. Yangi o‘quv yilini “Boshlang‘ich ta’lim fan oyligi” tadbirlari bilan boshladik. Shuningdek, test olish orqali yuqori sinf o‘quvchilarining bilimlarini sinovdan o‘tkazib boryapmiz.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.