Qozog‘istonning Samarqand shahridagi bosh konsuli Matbuot uyiga keldi

Qozog‘iston Respublikasining Samarqand shahridagi bosh konsuli Talgat Sharipov hamda konsul Abzal Nurashov viloyat Matbuot uyida bo‘lib, Samarqand matbuoti, uning tarixi, viloyat gazetalari faoliyati, tajribasi bilan tanishdi.

- Ochig‘i, menga O‘zbekiston, ayniqsa Toshkent shahri begona emas, - deydi Talgat Sharipov. - Chunki bundan avvalroq Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasida faoliyat yuritganman. O‘shanda ish yuzasidan Samarqandga bir-ikki bor kelgan bo‘lsam-da, uning juda qadim tarixga ega ekanligi va maftunkorligiga e’tibor qaratmagan ekanman. Mana, bir necha oydirki, Samarqandda faoliyat yurityapman va Samarqand barcha uchun qadrli shahar ekani, har jabhada o‘rgansa arziydigan jihatlari ko‘pligini angladim.

Bugun esa Samarqand nafaqat o‘zining tarixiy obidalari va ziyoratgohlari, balki jurnalistikasining tarixiyligi bilan ham ahamiyatli ekaniga guvoh bo‘lib turibman. Viloyat matbuot muzeyida Samarqand  jurnalistikasining tarixi, rivojlanish bosqichlari, 100 yil oldin foydalanilgan fotoapparatdan tortib, qalamdonlargacha saqlangani bu sohaga qaratilgan yuksak e’tibor namunasi, desam adashmagan bo‘laman.

Dinimiz bitta, tilimiz yaqin, shu bois yashash tarzimiz, rivojlanishdagi maqsadlarimiz ham bir. Jurnalistika sohasidagi o‘zgarish va o‘xshashliklar ham bir xil. Shuning uchun ikki davlat, ikki qardosh millat o‘rtasidagi madaniy, ijodiy, ilmiy-tarixiy aloqalarni mutahkamlash maqsadida kelgusida Qozog‘iston haqida Samarqandda, bu tarixiy shahar haqida esa bizning matbuot nashrlari va telekanallarimizda maqola yozish va ko‘rsatuvlar tayyorlash, shuningdek, Qozog‘istonga press-tur tashkil etish maqsadimiz bor.