Qum soat

Ertalab ishga ketamiz, kechroq qaytamiz, kechki ovqat yeymiz deymiz, TV ko‘ramiz deymiz, kichkinagina "vaqt o‘g‘risi" - telefonimizga yopishamiz deymiz...
Menga qararmikan, menga so‘z qotarmikan, menga gapirarmikan, menga quloq osarmikan, menga vaqti bo‘larmikan, deb turgan bolalarimizga kelganda ularning bizdan kutgan e’tibor haqidagi xoxish-istaklarini beayov chil-parchin qilamiz.
Tug‘iladi, emaklaydi, yuradi, chopadi... bog‘chaga boradi, maktabga o‘tadi... 1-sinf, 2-sinf... 11-sinf... ulg‘ayaveradi.
Bolalarga ota-onamiz bizga qilgan e’tiborni beraolyapmizmi? Bolangizga nonni tayyor olib yedirasiz, kiyimini temirga solib yuvasiz, ovqat-ku tayyor tok yoki gaz pechida pishadi, xatto maktab bahosini ham "kundalik.kom"da ko‘ramiz, ko‘rsak ham unda. Umringizda bir dona ro‘molcha ham tikmagandirsiz bolangizga...

Onangiz-chi, sizga non pishiraman deb olisdagi, hovli to‘ridagi ombordan belini bukib laganda un olib keladi, uni xamir qilib qorib, kuchi ketadi, sovuqda dirdirab, issiqda esa pishib, tandirning ayovsiz taftida senga issiqqina non yopadi. Buni haftada 2-3 bora qiladi. Agar tandir yonida turib, onangga yordam berish ilinjida bor-yo‘g‘i nonga cho‘p urgan bo‘lsang, shu ozgina vaqtda qancha sovuqqotganingni esla. Xamir qormasangda, bir zumgina eslaginda, onangning xamir qorish jarayonidagi harakatlarini takrorlab mashq qilib ko‘r-chi, aniqki pishnab, xansirab qolasan. Kir-chirga botib kelib, yechib tashlagan kiyimlaringni qadoq qo‘llarda oppoq qilib yuvib, kidirib qo‘ygan. Nima? Gaz yo‘q? Xo‘p, yaxshi, onamizga o‘xshab bir bora o‘choqda ovqat qilib ko‘raylikchi, aaaa, labbay... to‘g‘ri aytasiz, xatto o‘choqda o‘tinni ham yoqa olmaymiz...

Sizga paypoq, qo‘lqop, sharf to‘qigan onangiz, o‘z qo‘li bilan ust-bosh, kostyum-shim, kurtka tikkan, ko‘rganlar esa sira ishonishmagan buning qo‘l ishi bo‘lganiga.
Sezmaymiz, umr qanchalar yugurik-a!?

Qizlarimiz mehmon... qarang, ularning uyimizdagi vaqtlari soat sayin, kun sayin xuddi qum soati kabi kamayib bormoqda. Bir kelarmikan qidirib, ruxsat bo‘larmikan-a, kelganda esa bir kun qolarmikan-a deb sog‘inib, qo‘msab o‘tiramiz.
O‘g‘illar ish deydi, mansab deydi, kattalar deydi, boshlig‘im deydi...., boshliqman deydi, jo‘ralarim deydi...
Olisda o‘tirib, bir kelarmikan-a, deb kutadi ota-onasi, ammo kel deya olmaydi, bolam seni, bolangni sog‘indim deya olmaydi....
Vaqt yugurik, umr chopag‘on...

Yoningda ulg‘ayib, bo‘y yetayotgan o‘g‘il-qizingni sezmayapsanku, olisda ota-onangning kun sayin qarib-qartayayotganini, ajinlari har ko‘rganingdagidanda ortayotganini, o‘zi senga aytmaydigan, sen esa so‘ramaydigan dardlari ortayotganini qaydan ham sezasan!?

Sherzod SUVONQULOV.