“Quruvchi bog‘chamiz ko‘chasini vayron qildi”
Tadbirkorman. Samarqand tumani "Xishrav" mahalla fuqarolar yig‘inida oilaviy bog‘cha tashkil qilganman. Bog‘cha joylashgan ko‘chani o‘zim obod qilgan va shag‘al to‘kib, tekislagan edim. Kanalizatsiya tarmog‘iga ham ulangan edi.
Yaqinda bir qurilish tashkiloti kelib mahalla aholisi uchun tortiladigan kanalizatsiya tarmog‘ini ko‘chamizdan olib o‘tdi. Oqibatda ko‘chamiz yurib bo‘lmaydigan holatga kelib qoldi. Bu esa bog‘cha bolalari va ularning ota-onalarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lyapti.
Qilgan "ish"ini to‘g‘rilashni xayoliga kelmay, ko‘chamizni vayron qilib ketgan quruvchining telefon raqamini topdim. Qo‘ng‘iroq qilsam, o‘chirilgan, deb javob kelyapti. Aftidan, "Ishim bitdi", deb g‘oyib bo‘ldi...
Mutasaddi idora rahbarlari Xishrav mahallasiga kanalizatsiya tarmog‘i tortgan quruvchini topib, ko‘chamizni asl holatiga qaytaradi, deb umid qilamiz.
Mahmudxon Yunusov.