Samarqandda aholi murojaatlarini hal etish bo‘yicha dolzarb 3 kunlik e’lon qilinadi
Viloyat hokimligi tomonidan aholi va xizmatlar o‘rtasida samarali hamkorlikni tashkil etish uchun yangi interaktiv xizmat - http://samxalqnazorati.uz tizimi ishga tushgan edi.
O‘tgan 3 kun ichida aholi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning tezkor harakat qilmayotganligi, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarmay, aholiga qulaylik yaratishni paysalga solayotganligini bildirib, 322 ta murojaat yo‘llandi.
Bugungi kungacha mas’ullar ushbu murojaatlarning atigi 15 tasi bajarilganligini qayd etib, ma’lumotlar yuklashgan. Bu tizim orqali muammo yo‘llangan ijrochiga 5 kunlik ijro muddati bilan avtomatik ravishda topshiriq xatlari yo‘llanmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Nega mas’ullar bitta ochiq qolgan lyukni yopishlari yoki simlari eriy boshlagan щitning 50 metr kabelini yoki bitta lampani almashtirishni 5 kunda bajarishlari kerak? Yoki murojaat qilgan fuqaroga maishiy gaz ballonini ham shuncha kunda yetkazib berishi kerakmi? Bu ishlar ularning kunlik vazifasi emasmi?
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aholini elektr, gaz, suv, issiqlik bilan ta’minlash va bu boradagi murojaatlar yechimiga qaratilgan yig‘ilishda shu savollarga mas’ullardan javob izladi.
- Kecha tizim orqali tushgan murojaatlarni qarab chiqsam, Toyloq tumani Bog‘izog‘on mahallasidagi elektr toki kuchi pastligi, transformatorlarning kuchi yetmayotganligi bo‘yicha 6 ta fuqaro muammo bildiribdi, - dedi E.Turdimov. - Bitta masalani yechish bilan 6 fuqaroning e’tirozi qondirilishi mumkin. Lekin bu masala “Samarqand elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” va uning Toyloq tuman bo‘limi mas’ullari tomonidan 5 kundan beri yechilmagan.
Yoki Bulung‘ur tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasi fuqarolari tomonidan elektr ta’minotidagi uzilish bo‘lgani, 5 kundan buyon elektr ta’minoti yo‘qligini bildirib yuborgan 15 dan ortiq murojaatga tezkor yechim qilinmagan.
Umuman olganda, bugundan boshlab xalq nazorati tizimida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning reytingini chiqaruvchi hudud rahbarlari va sektorbay tizimda xalq dardi, muammosiga tezkor yechim qilinayotganligi yoki harakatsizligini yaqqol ko‘rsatib beruvchi dastur qilish zarur.
Xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar 4-5 tadan mobil guruh tashkil etib, muammo bildirilgandan 5 soat ichida uni hal etadigan mexanizm tashkil etishi kerak.
Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, sektor va viloyat tashkiloti rahbarlari o‘z kompleks va tashkilotlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning harakatini kuzatib borishlari zarur.
- Har haftada ikki marta eng ko‘p muammo bildirilgan mahallalar ro‘yxatini tuzib, o‘sha hududga shaxsan o‘zim boshchiligimda guruh borib ishlashini ta’minlovchi tizim tashkil qilamiz, - dedi viloyat hokimi. - Ayrim hokimlar, sektor rahbarlari, xizmat ko‘rsatuvchi ayrim korxona mas’ullari vazifasiga loyiqlik masalasini ham muammoning nechog‘li hal etilayotgani va xalq bilan maslahatlashgan holda ko‘rib chiqishni boshlaymiz.
Umuman olganda, bayram oldidan aholi kayfiyatini ko‘tarish maqsadida 30 dekabrgacha barcha turdagi fuqarolar murojaatlarini o‘rganish va ularga ijobiy yechim topish dolzarb 3 kunligini e’lon qilamiz.
Birinchi navbatda bugun soat 07:00 holatida tuman va shaharlar hokimliklari va tuman korxonalari tomonidan ijro muddati kechiktirilayotgan 786 ta murojaatlarga yechim topamiz.