Rajabaminliklarga 45 ming so‘mdan go‘sht yetkazib berilmoqda

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin davomida Samarqandlik dehqonlar aholini sifatli hamda arzon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashmoqda.

Dalalarda yetishtirilgan mahsulotlar bevosita aholi yashash maskanlari, mahallalardagi ko‘chma savdo yarmarkalari orqali xaridorlarga peshma-pesh tortiq etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand tumani bo‘limi tashabbusi bilan tumanning Rajabamin mahallasida ham oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Jumladan, “Zarafshon noz-ne’matlari”, “Zarnigor”, “Dilshod Agro Meva”, “Hasanjon noz-ne’matlari” fermer xo‘jaliklari tomonidan 5 litr hajmdagi o‘simlik yog‘i - 40 ming so‘m, kartoshka – 4 ming so‘m, sabzi, karam, sarimsoqpiyoz kabi mahsulotlarni bozordagidan arzon narxlarda aholiga yetkazib berildi.

Shuningdek, savdo yarmarkasi davomida  “Qurbon chorva”, “Azimov Azim chorvalari” fermer xo‘jaliklari va tuman veterinariya bo‘limi tomonidan go‘sht mahsulotining bir kilogrami 45 ming so‘mdan, parranda go‘shti, tuxum, poliz ekinlari ko‘chatlari, urug‘lar ham arzon narxlarda yetkazib berilishi ta’minlandi.

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.