Ko‘chma savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratmoqda
Samarqand tumani O‘zbekkenti mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Olga Gubina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga “Ishonch telefoni” orqali mahallasida ko‘chma savdo yarmarkalari o‘tkazilmayotgani bo‘yicha murojaat qilgan.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi va Samarqand tumani davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekkenti mahallasida ko‘chma savdo yarmarkasi tashkil etildi.
- Karantin davrida avtomashinalarning qatnovi cheklanganligi uchun bozorga borishga qiynalib qolgandik, - deydi Shohsanam Saidova. - Mahallamizda istiqomat qiluvchi pensioner Olga Gubina murojaati tezkorlik bilan o‘z yechimini topdi. Yarmarkada kundalik ehtiyoj uchun kerakli bo‘lgan barcha mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani bizni mamnun qildi.
Soliq organlari xodimlari tomonidan savdo yarmarkasi tashkil etilib, zaruriy mahsulotlar yetkazib berildi.
Shuningdek, mutasaddilar bu kabi yarmarkalar jadval asosida har bir mahallada tashkil etilishi to‘g‘risida ma’lumot berib, navbatdagi ko‘chma yarmarkada yana qanday mahsulotlar zarurligini belgilab olishdi.
Bugungi kunda viloyatning har bir mahallasida bu kabi ko‘chma yarmarkalar tashkil etilib, mahsulotlar narxi qat’iy nazoratga olinmoqda.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.