Karantin tufayli yopilgan Toyloq tumanida ko‘chma savdo yarmarkasi tashkil etildi
Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida kirish va chiqish cheklangan Toyloq tumanida aholining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Toyloq tumani davlat soliq inspeksiyasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuman bo‘limi hamkorligida ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 36 ta yuk mashinasidan iborat avtokarvon yordamida tumandagi 50 mahalla aholisiga 400 million so‘mlik 24 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
– Hozirgi sharoitda tumanimizda karantin talablariga rioya qilib, uyda o‘tiribmiz, – deydi Istiqlol mahallasida istiqomat qiluvchi Sheroz Imomov. – Albatta, bekor emasmiz. Tomorqa yumushlari bilan bandmiz. Shunday paytda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mahallamizga qulay narxlarda yetkazilayotgani barchamizga manzur bo‘ldi.