Xitoy uchun g‘ayrioddiy holat: COVIDga qarshi namoyishchilar Si Szinpinning iste’fosini ochiq talab qilishdi

Xitoyda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari juda kam uchraydi. Bu yerda norozilik ommaviy ifodasi odatda tez bostiriladi. Si Szinpindan bunday ochiq norozilik - g‘ayrioddiy holat, deydi kuzatuvchilar.

Kecha koronavirusga qarshi choralardan umidsizlikka tushgan Xitoy xalqi ko‘chalarga chiqdi. Shanxayda Si Szinpinning iste’fosini talab qilib, Kommunistik partiya boshqaruviga qarshi chiqqan namoyishni politsiya tarqatib yubordi. Biroq bir necha soatdan keyin odamlar yana to‘planishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning yana yetti shahrida, jumladan Pekinda, o‘nlab universitetlarda namoyishlar bo‘lib o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan.

Poytaxtda mamlakatning yetakchi Sinxua universiteti talabalari ham COVID cheklovlariga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishdi. Shuningdek, yoshlar Urumchi shahridagi ko‘p qavatli uydagi yong‘in oqibatida o‘nlab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirishdi. Ushbu binoda yashaganlar koronavirus epidemiyasi sababli karantinga olingan edi.