Ramazon oyi oldidan yangi masjidlar foydalanishga topshirildi

Ishtixon tumanida joylashgan “Eshon Temirxon to‘ra” masjidining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligidagi ulamolar qatnashdi.

- “Eshoni Temirxon to‘ra” jome masjidi 1993 yillarda xalq hashari yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, masjidning yangi binosi 2019-2021 yillar davomida zamonaviy loyiha asosida ta’mirlandi, – deydi masjid imom xatibi Toshmuhammad Abilov. – Masjid hovlisining umumiy maydoni 5 gektar, yangi bino 1000 nafar namozxonga mo‘ljallangan.

Tumanning Sohibkor, Orlot, Qayirma, O‘zbekqo‘rg‘on, Bog‘ixon mahallalarida yashovchi aholiga xizmat qiluvchi masjidda ma’muriyat (imom-xatib, noiblar) xonalari, oshxona, qorovulxona va mehmonxona kabi qo‘shimcha binolar mavjud.

***

Qo‘shrabot tumanidagi eng yirik “Domla Kamoliddin Oxun” jome masjidining ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va keng jamoatchilik vakillari dastlab “Domla Kamoliddin Oxun” maqbarasini ziyorat qildi. Qur’oni karim oyatlari tilovati o‘qilib, duo qilindi.

Shundan so‘ng “Domla Kamoliddin Oxun” masjid va majmuasining   ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, “Domla Kamoliddin Oxun” jome masjidi 1990 yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, 2020-2021 yillar davomida zamonaviy loyiha asosida hashar yo‘li bilan qayta qurildi. Masjid yangi binosining qurilishi 2020 yil 14 iyunda boshlanib, 2021 yil 20 mart oyida yakunlandi.