Toyloqda “Yastepa” jome masjidi ochildi
Bugun, 11 may kuni Toyloq tumanidagi “Yastepa” jome masjidining yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi Masjidlar bo‘limi mas’ul xodimi Iskandar domla Halilov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovlar ishtirok etdi va
qayta barpo etilgan ushbu masjid ziyorat turizmi doirasida mahalliy va xorijiy sayyohlarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun yo‘l bo‘yida barcha qulayliklar ega qilib qurilganini ta’kidladi.
Masjid hududi 40 sotix bo‘lib, atrofi devor bilan o‘ralgan. Jome binosi balandligi 8 metr, eni 7 metrli gumbaz esa xonaqohga o‘zgacha fayz berib turibdi. Yangi qad rostlagan tahoratxona barcha sharoitga ega bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 20 ga yaqin odam foydalanishi mumkin.
Shuningdek, majmuadan ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona, shuningdek, imom-xatib, noiblar, mutavali va qorovulxonalar, majlislar zali, kutubxona o‘rin olgan.
Masjidga 10 mingdan ortiq aholisi bo‘lgan “Shopo‘lat”, “Yangi hayot”, “Yastepa”, “Shohkash” va boshqa mahallalaridagi mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ado etadi. Masjid ichida 1000 nafar, hovliga 2000 kishi bemalol ibodat qilishi mumkin.
Mazkur jome masjid saxovatpesha vatandoshlarimizning ko‘magida bunyod etildi.