Usmonxon Alimov dunyoning eng nufuzli musulmonlari ro‘yxatidan joy oldi
Amman shahridagi Qirollik Islomiy Strategik tadqiqotlar markazi Jorjtaun shahridagi Musulmon-nasroniy o‘zaro anglash markazi ko‘magida dunyodagi eng nufuzli 500 musulmonning yana bir ro‘yxatini tayyorladi. Tadqiqot 2009 yildan beri har yili nashr etiladi.
26 oktyabr kuni ketma-ket oltinchi marta e’lon qilingan Muslim 500-2021 reytingida O‘zbekiston Bosh muftiysi Usmonxon Alimov nomi ham keltirilgan.
“Alimov 2006 yildan buyon O‘zbekiston Bosh muftiysi bo‘lib ishlaydi. U ilgari mufti bo‘lgan Samarqand viloyatida ekstremistlarga qarshi kurashda mo‘’tadil pozitsiyasi va isbotlangan tajribasi bilan hurmatga sazovor. Alimov Toshkentning 2007 yilda ISESCO Islom madaniyati poytaxtiga aylanishida muhim rol o‘ynagan”, deyiladi Muslim 500-2021 reytingida.
Bu yil dunyodagi eng nufuzli musulmonlar reytingini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an boshqarmoqda. Undan keyin Saudiya qiroli Salmon ibn Abdulaziz hamda Eronning 1989 yildan beri Oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Said Ali Xamenei bor.
Dastlabki beshlikni 1999 yildan beri Iordaniya qiroli, Quddusdagi muqaddas qadamjolar qo‘riqchisi Abdulla II ibn Husayn al-Hoshimiy hamda yetakchi islom mutafakkiri, islom moliyasi asoschilaridan biri Shayx Muhammad Taqi Usmoniy yakunlaydi.
Top-50 tarkibiga Pokiston Bosh vaziri Imron Xon (15 o‘rin), Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon (23 o‘rin), Tojikistonda yashovchi dunyodagi ismoiliylarning ma’naviy yo‘lboshchisi Shoh Karim al-Husayniy (30 o‘rin), misrlik futbolchi Muhammad Saloh (42 o‘rin) ham kiritilgan.
Shuningdek, reytingda prezidentlar Ilhom Aliyev (Ozarbayjon), Gurbanguli Berdimuhammedov (Turkmaniston), Emomali Rahmon (Tojikiston), Ramzan Qodirov (Checheniston) hamda UFCning yengil vazn bo‘yicha chempioni Habib Nurmagomedov va boshqalar o‘rin egallagan.