Muftiyning ishdan ketgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga «Azon.uz» sayti ta’sischisi Mubashshir Ahmad tayinlangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Musulmonlar idorasi ushbu xabarlarni inkor etib, bayonot berdi.

Mazkur asossiz xabar tarqalgan zahotiyoq, Azon.uz tahririyati ushbu xabar noto‘g‘ri ekani, unga ko‘r-ko‘rona ishonib ketmaslikka chaqirib, raddiya e’lon qildi.

Ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida Usmonxon Alimov hazratlari faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Biz, fazilatli muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlarini Alloh taboraka va taolodan so‘raymiz.

Aholi orasida asossiz va yolg‘on xabar tarqatish Islom dini ta’limotlariga ko‘ra, qattiq qoralanadi, qonunchilikda esa javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tamiz.

O‘z navbatida diniy idora mo‘min-musulmonlarni mana shunday fitna va ikkilanishlarga sabab bo‘ladigan yolg‘on xabarlarni tarqatmaslikka chaqiramiz.