Ramzan Qodirov: Shayx Usmonxon Alimov juda dono, taqvodor va kamtar odam edi
Ramzan Qodirov: Shayx Usmonxon Alimov juda dono, taqvodor va kamtar odam edi
Checheniston davlat rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, mamlakat bosh muftiysi vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi (http://old.muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/28230-checheniston-davlat-ra-bari-ramzan-odirov-shajkh-usmonkhon-alimov-zhuda-dono-ta-vodor-va-kamtar-odam-edilar).
Qodirov muftiyning o‘limi haqidagi xabarni qayg‘u bilan qabul qilgan. Hamda Shayx Usmonxon Alimov Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya Qahramoni Ahmad Hoji Qodirovning yaqin do‘sti bo‘lganini qayd etgan.
“Ular 1980 yillardan beri tanish edilar, Toshkent islom institutida birga o‘qishgan. Men ham Usmonxon Alimov bilan ko‘p marta uchrashganman. Biz nafaqat Grozniyda, balki O‘zbekistonda ham ko‘rishganmiz. Toshkentga safarim chog‘ida u meni juda samimiy kutib oldi, yuqori darajadagi mehmondo‘stlikni ta’minladi, Ahmad Hoji bilan o‘qigan yillarini esladi va bu haqda gapirdi. U juda dono, taqvodor va kamtar odam edi”, degan u.
Shuningdek, Qodirov Shayx Usmonxon Alimovni butun musulmon olami tanigani, hurmat qilgani va qadrlaganini ta’kidlagan.
“U o‘z hayotini islom dinini o‘rganish va tarqatishga bag‘ishlagan, u Qur’on va Sunnat haqida bebaho bilim olgan ko‘plab taniqli islom odamlarini tarbiyalagan. 2006 yildan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi vazifasida faoliyat olib borgan. Shayx va’zlarida har doim yaxshilikka chaqirib, haromdan ehtiyot bo‘lishni aytgan. Shu kunlarda bizning qalbimiz qardosh O‘zbekiston xalqi bilan. O‘zbekistonning muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, Shayx Usmonxon Alimovning oilasi va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiraman! Alloh taolo birodarimizga rahm qilsin!”, degan Checheniston rahbari.