"Fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ring, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmang"

Bugun axborot almashinuvi shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda axborot tarqatuvchining o‘z vazifasiga xolisona va haqqoniy yondashuv mezonlariga rioya etishi ham zarur.

Dinimiz ta’limotlarida notanish odam yoki xabari sinab ko‘rilmagan kimsaning axboroti tekshirilmay turib qabul qilinmaydi. Boshqa ishonchli manbalardan xabarning to‘g‘riligi sobit bo‘lsagina u ishonchli sanaladi.

Alloh taolo mo‘minlarni biror kishi haqida yolg‘ondan hukm chiqarib qo‘ymasliklari uchun “Hujurot” surasida quyidagicha marhamat qilgan:

 “Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

Bir xabarni eshitishi bilan surishtirmay biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg‘onligi yoki xatoligi ayon bo‘lsa, afsus-nadomatga sabab bo‘ladi.

Kecha, 10 sentyabr kuni ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi, degan mazmundagi asossiz va soxta xabarlar tarqatildi. Bu bilan yurtimiz musulmonlarining rahbari, din sohasidagi zamonamizning yetuk olimlaridan biri, bir qancha diniy-ma’rifiy asarlarning muallifini obro‘sizlantirishga bo‘lgan harakat deb bilamiz.

Olimga nisbatan hurmatsizlik, dushmanlik qilish Allohga urush qilganga o‘xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urushgan g‘olib bo‘larmidi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman” (Buxoriy rivoyati).

Ibn Hajar rohmatullohi alayhi aytadi: “Allohning do‘stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo‘ladigan olimdir” (Fathul Boriy, 11-jild, 342-bet).

Olimlarga nisbatan mehrli bo‘lishimiz, ularning haqlariga Allohdan ofiyat so‘rashimiz, xato qilgan bo‘lsalar, Allohdan ular uchun mag‘firat so‘rashimiz lozim bo‘ladi.

Zayniddin EShONQULOV,

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili.