Afg‘onistondan mujda - Alisher Navoiy masjidi qayta tiklandi

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ilm-fan, san’at va adabiyot, ta’lim va tarbiyaning quruvchisi va homiysi bo‘lgan shaxs edi. Taqdir u kishini zamonaning ulug‘ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylar bilan oshno etdi. Yoshlik chog‘laridan Amir Temur tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy, Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy kabi ulug‘ mutafakkirlarning suhbatidan bahramand, ularning tahsini va hayratiga sazovor bo‘ldi.

Alisher Navoiy Temuriylar davlatining yirik fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Hirot, Samarqand va Mashhad kabi shaharlaridagi madrasalarda ta’lim olganligi ma’lum. Temuriylar davrida va undan keyin ham to XIX asrning oxirlarigacha yurtimizdagi madrasalarda til ta’limi, ayniqsa, arab tili grammatikasi chuqur o‘rgatilgan. Shu sababli Alisher Navoiy arab, fors tillarini yaxshi bilgan va madrasalardagi ta’lim usuli va an’analari bilan yaqindan tanish bo‘lganligi haqida xulosa chiqarish mumkin.

1466-1468 yillarda Alisher Navoiy Samarqandda yashadi va Fazululloh Abulays madrasasida ta’lim oldi. 1469 yilda Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar egasi, yurtga tanilgan shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetgan edi. Boyqaro 1472 yilning fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va «Amiri Kabir» («Ulug‘ Amir») unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi pirovard natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini ta’minlaydi.

Hirot bu davrda nihoyatda ko‘rkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, she’riyat, nafis san’at turlari rivoj oldi. Talabalar uchun «Ixlosiya» madrasasi, darveshlar uchun «Xalosiya» xonaqohi, bemorlar uchun «Shifoiya» shifoxonasi, masjidi Jome’ yoniga qorixona («Dor ul huffoz») qurildi. Ulug‘ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chirish, ularni badiiy bezash bilan band edi. Hirotda yana «Nizomiya», Marvda «Xusraviya» va boshqa madrasalar bino etildi.

Shu bilan birga, Navoiy dehqonchilik ishlarini yo‘lga qo‘yib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor miqdorida edi. Ulug‘ Amir bu daromadning ko‘p qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 ko‘prik, bir qancha to‘g‘on, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi.

Alisher Navoiy qurgan madarasalar, masjidlar, takkalar, rabotlar yuz yillar davomida Xurosondagi turkiy va forsiy xalqlarga xizmat qilib keldi. XIX-XX asrlarda Afg‘onistonda yuz bergan nizo va to‘qnashuvlarda Hirot bir necha marta vayron etildi, ulug‘ bobomiz qurgan binolar ham jiddiy zarar ko‘rdi. Hatto, Navoiyning maqbarasi ham shikastlanish va qarovsizlikdan xarob holga tushdi. 2015 yilda o‘zbek ustalari ishtirokida Hazratning qabrtoshi va maqbarasi tiklangan va bu hol barchamizni sevintirgan edi.

Bugun Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) savobli ishga qo‘l urdi. Turkiy xalqlarning g‘ururi va iftixori bo‘lgan ulug‘ shoir va mutafakkir tomonidan Hirotda qurdirilgan obidalarni ta’mirlash va tarixiy me’moriy meros sifatida xalqqa qaytarish ishlarini olib bormoqda.

Yaqinda Hirotning Guzargoh mavzeida Navoiy tomonidan qurdirilgan jome masjidi TIKAning Hirot  vakolatxonasi tashabbusi va moliyaviy ko‘magi bilan ta’mirdan chiqarildi. Asliga monand tarzda amalga oshirilgan restavratsiya, qo‘li gul ustalar tomonidan ishlangan g‘ishtin va cho‘bin bezaklar ulug‘ ajdodimiz tomonidan mehr va e’tiqod bilan qurdirilgan obidaning yangidan chiroy ochishiga sabab bo‘ldi.

Qayta tiklangan masjidning ochilishida Hirot gubernatorining o‘rinbosari Nur Ahmad Haydariy, Hirot shahri ziyoratgohlar va vaqflar boshqarmasi direktori Abdulxoliq Haqoniy, Hirot universiteti rektori Abdulla Fayz, guzargoh kompleksining boshqaruvchisi Mir Muhammad Alem ishtirok etdi va Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq tarixiy obidalarni tiklash, restavratsiya qilish shahar ahlini juda mamnun etganini bildirdilar.

Marosimda so‘zga chiqqan gubernator o‘rinbosari Nur Ahmad Haydariy Islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Alisher Navoiy masjidining ta’mirdan chiqarilib, yana xalqqa qaytarilgani mamlakatning madaniy hayotida katta voqea bo‘lganini aytib, bu saxovatpeshalik uchun Turkiya hukumati va TIKA xodimlariga qizg‘in minnatdorchilik bildirdi.

TIKAning Hirot mintaqasi dasturi koordinatori Ali Ergun Chinar Alisher Navoiyning ijodiy merosi barcha turkiy xalqlarning madaniy va ma’naviy mulki ekanligini qayd etib, ulug‘ mutafakkir nomi bilan bog‘liq  bo‘lgan masjidni Nosir Ahmad Yovar boshchiligidagi restavrator ustalar  bilan birgalikda tinmay mehnat qilib, ta’mirdan chiqarib, Hirot ahliga hadya etganliklaridan xursandligini bildirishdi. Ali Ergun Chinar janoblari TIKAning Hirotda Alisher Navoiy va temuriylar bilan bog‘liq bo‘lgan osori-atiqalarni ta’mirlash va tiklash bo‘yicha ishlarini davom ettirishini ma’lum qildi.

Jo‘liboy ELTAZAROV,

filologiya fanlari doktori, professor, “Ipak Yo‘li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori.

(“Anadolu ajansi” axborot agentligi va https://www.tika.gov.tr/tr/  portali ma’lumotlari asosida tayyorlandi).