Rasul Kusherbayev IIV bayonotidan «shok»ka tushdi

Qashqadaryo viloyati IIBda Chiroqchi tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi binosida fuqaro Yu.Abdurahmonovning vafot etganligi yuzasidan brifing tashkil etildi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev IIV bayonotidan «shok»ka tushdi:

“Bugun men uchun hammasidan ham g‘alati va shok xabar ichki Ishlar vaziri matbuot kotibining quyidagi gaplari bo‘ldi:

“IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas. Bu tabiiy holat, oldin ham bo‘lgan. Ayrimlar o‘z joniga qasd qiladi, ayrimlarning tobi qochib qoladi. Bu holat ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinadi”. (Har qalay kontekstdan buzib uzib olinmadi).

Bu iqrorlikmi yo xatolik?

IIB binosida ham barcha ishxonalarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat, ya’ni shu yerda ishlayotgan xodimninggina betobligi uchun favqulodda tobi qochib, ish joyida o‘lib qolishini tabiiy qabul qilish mumkin, xolos. Boshqalarning u yerda o‘z joniga qasd qilishi, tobi qochishi yoki o‘lib qolishi tabiiy xodisa bo‘lishi mumkin emas. Buni tabiiy qabul qilish toqat qilib bo‘lmas vaziyat”, deydi deputat.

Kusherboyev bunday bayonotlar boshqa savol va shubhalarni keltirib chiqarishini ham aytib o‘tgan.

“Bunday bayonotlar yo o‘ylab berilsin, yoki berilgandan keyin uyg‘onadigan shubhalarni izohlashga tayyor turilsin. Bo‘lmasa o‘sha gap...”, deya yozdi deputat telegram kanalida.

IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov deputatning chiqishiga quyidagicha javob berdi:

"Shuni aytish joizki, ilgari nafaqat ichki ishlar organlari, balki boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari o‘z faoliyati yoki jinoyat ishlari bo‘yicha jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berishmagan. Fuqarolarimizga axborot berish amaliyoti endi shakllanmoqda. Biz matbuot kotiblari sifatida bunga e’tibor qaratyapmiz. Mazkur brifing ham oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining yaqqol namunasidir.

Brifingda fuqarolarimizga yetkazilmoqchi bo‘lgan asosiy ma’lumot - bu ichki ishlar organlari binosida odam vafot etishi bilan bog‘liq fakt, har qanday vaziyatda favqulotda holat deb qaralishi, bunday vaziyatda zudlik bilan alohida ishchi guruh tuzilib, ish jarayonlari to‘liq o‘rganilishi va ushbu holatning kelib chiqish sabab va sharoitlari bartaraf etilishi, aybdor xodimlar va rahbarlar esa munosib jazolanishi muqarrarligi edi. Aynan Qashqadaryoda biz ushbu maqsadga erishdik, deb o‘ylayman.

Brifing boshidan yakunigacha jurnalist va fuqarolar bilan oshkora, samimiy ruhda o‘tganligi, ichki ishlar organlari o‘zining axborot xizmati vakillari orqali fuqarolarga ochiqligini namoyish qilganligi, jurnalistlar va fuqarolarning ko‘plab savollari va muammolari joyida hal etilganligiga e’tibor qaratish zarur, degan fikrdaman.

Ishonamanki, fuqarolarimizga axborot yetkazish faoliyatidagi kamchiliklarimizni bartaraf etishda jamoatchilikning sog‘lom tanqidini doim inobatga olamiz. Deputatlarimizning ham bu masalaga e’tibor berishlari hurmatga sazovor bo‘lib, o‘ylaymanki, birgalikda xalqimiz oldidagi vazifalarimizni bajarishda bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lamiz".

Ma’lumot uchun, Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak A.Yu. 22 yanvar, chorshanba kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. 23 yanvar, payshanba kuni esa IIB binosidan murdasi chiqqan. Marhumning yaqinlaridan biri Bahodir Xoliqovning aytishicha, marhum A.Yu. Langar qishlog‘ida o‘g‘irlanayotgan chorva mollari o‘g‘riligida gumon qilingan.