Rossiya Armanistondan pomidor va qalampir importini qisman taqiqladi

“Rosselxoznadzor” 2020 yil 14 dekabrdan boshlab Armanistondan pomidor va qalampirni mamlakatga olib kirishga qisman taqiq qo‘yilishini e’lon qildi. Gap faqat respublikaning Armavir viloyatidan yetkazib berish haqida ketmoqda, deyiladi bo‘lim veb-saytida.

Bunday qarorga mahsulotlarda topilgan pepino mozaika virusi sabab bo‘ldi. 30 oktyabr kuni Rossiya Armaniston tomonidan vaziyatni tushuntirish va fitosanitariya nazoratini kuchaytirishni so‘ralgan edi. Ammo 9 dekabrga qadar hech qanday munosabat bildirilmadi.

Press-relizda virus Rossiya sabzavot yetishtirilishiga katta zarar yetkazishi mumkinligi ko‘rsatilgan. U pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri, kartoshka va ituzumlilar oilasiga kiruvchi boshqa sabzavotlarni zararlaydi va mahsulot xaridorgirligini yo‘qotadi.

Ushbu taqiq bilan deyarli bir vaqtning o‘zida Rossiya Ozarbayjondan ham olma va pomidor importini chekladi. Ulardan Janubiy Amerika pomidor kuya (Tuta absoluta (Povolny))si va sharqiy kuya (Grapholita molesta (Busck)) topildi.

“Rosselxoznadzor” tomonidan sanksiyalar Tog‘li Qorabog‘ inqirozi fonida kiritildi. Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon sulh to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni qabul qilgandan keyin harbiy mojaroga barham berildi.

Rossiya tomonidan mahsulotlarni olib kirishni taqiqlash an’anaviy ravishda sherikchilik munosabatlarining yomonlashuvi fonida yuzaga keladi. Xususan, bu Gruziya, Moldova, Belorusiya, Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Ukrainadan keltirilgan tovarlar bilan sodir bo‘ldi. Siyosiy vaziyat yaxshilangach, cheklovlar to‘liq yoki qisman olib tashlandi.