Rossiya koinotdagi xavfli xatti-harakatlarda ayblanmoqda

Yevropa davlatlari Rossiyani koinotdagi xavfli va mas’uliyatsiz xatti-harakatlarda ayblamoqda.

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning aytishicha, Rossiya Federatsiyasi koinot xavfsizligini e’tiborsiz qoldirib, sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik kemalarga tahdid solmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarni sinovdan o‘tkazgan va buning natijasida Yer orbitasida potensial xavfli kosmik chiqindi hosil bo‘lgan.

"Rossiya tomonidan sun’iy yo‘ldoshga qarshi raketaning halokatli sinovi koinotdagi xavfsizlik va uzoq muddatli barqarorlikka to‘liq befarqligini ko‘rsatadi. Sinov natijasida hosil bo‘lgan qoldiqlar orbitada qolib, ko‘p yillar davomida sun’iy yo‘ldosh va boshqariladigan kosmik kemalarga tahdid soladi", - deydi vazir.

AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays ham Rossiya Xalqaro kosmik stansiya (XKS) uchun xavf tug‘diruvchi sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarni sinovdan o‘tkazganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sinov natijasida kuzatuv ostidagi 1500 dan ortiq turli parchalar va yuz minglab kichikroq kosmik chiqindi paydo bo‘lgan. Bu hozirda barcha mamlakat manfaati va kosmik stansiyadagi odamlarga tahdid solmoqda.

"Rossiyaning koinotdagi xavfli va mas’uliyatsiz xatti-harakati uning koinotda qurol-yarog‘ joylashtirilishiga qarshi ekanining nosamimiyligi va ikkiyuzlamachiligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Qo‘shma Shtatlar ittifoqchi va hamkorlar bilan birgalikda bunday mas’uliyatiz harakatlarga javob choralarini ko‘radi", - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi.

Pentagon AQSh Davlat departamentining xavotirlariga sherik ekanini bildirdi. AQSh harbiy departamentining rasmiy vakili Jon Kirbining ta’kidlashicha, AQSh kosmosni tadqiq qilishda butun dunyo hamjamiyatiga universal normalar ishlab chiqish tarafdori.

NASA kosmik stansiyadagi ekipajni kosmik kemalarga o‘tishiga majbur qilgan kosmik chiqindilar hodisasi haqida ma’lumot yig‘ayotganini aytdi.

Bugun «Roskosmos» bosh direktori Dmitriy Rogozin Moskvaga kelgan NASA vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi, unda boshqa masalalar qatori XKSning kosmik chiqindilar bilan to‘qnashuvi masalasi ham muhokama qilinadi.