Sadir Japarov Qirg‘iziston Prezidenti lavozimiga rasman kirishdi

Bishkekdagi Milliy filarmoniya binosida Sadir Japarovning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. Marosimda S.Japarov davlat rahbari lavozimida mamlakat xalqiga xizmat qilishga qasamyod qilib, rasman Qirg‘iziston prezidenti sifatida ish boshladi.

Mamlakat markaziy saylov komissiyasi rahbari Nurjan Shayldabekova yangi prezidentga davlat rahbari ramzlari — ko‘krak nishoni, shtandart va davlat rahbari guvohnomasini topshirdi.

Japarov o‘tgan yil oktyabrida Qirg‘izistonda parlament saylovlari ortidan ro‘y bergan tartibsizliklar natijasida hokimiyatga keldi va bosh vazirlikka saylandi. Avvalgi prezident Soronboy Jeenbekov iste’foga chiqqach, Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi, ko‘p o‘tmay mamlakatda 2021 yilning 10 yanvarida muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi belgilandi. Saylovda nomzod sifatida ishtirok etish uchun Japarov vaqtincha prezidentlikdan ketdi va bosh vazir vazifasini bajarishni ham to‘xtatdi. 20 yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasi ovoz byulletenlari 100 foiz hisoblab chiqilgani va Japarov 79,23 foiz ovoz olganini e’lon qildi.