Samarqand bir piyola choy atrofida dunyo madaniyatlarini birlashtirdi

"Buyuk Ipak yo‘li" xalqaro turistik markazida Xalqaro choy kuniga bag‘ishlangan «Choy, madaniyat, tinchlik!» IV xalqaro festivali o‘tkazildi.

Mazkur anjuman YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi, Xitoy Xalq Respublikasining «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan "2026 yil - Mahallani rivojlantirish va jamiyatning yuksaltirish yili” davlat dasturi doirasida tashkil etildi.

Tadbir tashabbuskori bo‘lgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) to‘rt yildan buyon ushbu festivalni an’anaviy tarzda o‘tkazib, uni madaniyatlar muloqoti va do‘stlik ramziga aylantirib kelmoqda. Shuningdek, tadbirni tashkil etishda Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Konfutsiy instituti yaqindan ko‘mak berdi.

Festival arafasida Xitoyning yetakchi ilmiy va madaniy tashkilotlari, jumladan, Teo, Amo kaj la Mondo xalqaro loyihasi tomonidan ishtirokchilarga maxsus videotabriklar yo‘llandi. 

Festival dasturi doirasida dunyoning 50 dan ortiq tilida tayyorlangan «Bugun siz choy ichdingizmi?» mavzusidagi ijodiy videolavhalar namoyish etildi. Bu esa choy nafaqat kundalik ichimlik, balki turli millat va madaniyatlarni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biri — SIUT professori, Xosiyat Bobomurodovaga universitetning «Faxriy professori» unvoni tantanali ravishda topshirilgani bo‘ldi. Shuningdek, Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etgan Amir Tea Samarkand jamoasi Xitoy Tashkiliy qo‘mitasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

Festival davomida milliy va xalqaro choy marosimlari, degustatsiyalar, Anatoliy Ionesov boshchiligidagi «Choy sirlari» viktorinasi hamda san’atkorlarning dilbar qo‘shiqlari ishtirokchilarga unutilmas taassurot qoldirdi.

Kechaning eng yorqin qismi esa SIUTning xorijlik professor-o‘qituvchilari tomonidan milliy liboslarda "Yalla" guruhining mashhur «Musiqiy choyxona» qo‘shig‘ini besh tilda jonli ijro etishi bo‘ldi. Mazkur chiqish san’at va musiqa orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini ta’sirchan tarzda ifoda etdi.

BMTning «Choyda barqarorlik — jamiyatda farovonlik!» shiori ostida o‘tkazilgan Xalqaro choy kuni Samarqandda chin ma’nodagi madaniyatlar bayramiga aylandi. Bu festival nafaqat choy madaniyatini targ‘ib qildi, balki turli millat va xalqlarni bir dasturxon atrofida birlashtirish mumkinligini yana bir bor isbotladi.