Samarqand hunarmandlari Qo‘qonga yetib bordi
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida birinchi marta o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Ushbu festivalda samarqandlik hunarmandlarning ham faol ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
- Bugun viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 70 nafar tajribali hunarmandlar bilan Qo‘qon shahriga yetib keldik, - deydi respublika “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – Bizni farg‘onaliklar ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi va bu yerda o‘tkaziladigan nufuzli festivalga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik. Ertadan boshlab usta hunarmandlarimiz Samarqand hunarmandchiligiga xos bo‘lgan yog‘och o‘ymakorligi, zardo‘zlik, kulolchilik, miniatyura, naqqoshlik, kashtado‘zlik, gilamdo‘zlik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etadi. Ayni paytda biz uchun ajratilgan pavilonga xalq amaliy san’ati durdonalari, qo‘lda yasalib, jilo berilgan tayyor mahsulotlar, xom ashyo va dastgohlar o‘rnatilmoqda.
Festival davomida Rishton, G‘ijduvon, Toshkent, Kattabog‘, Madir, G‘urumsaroy, Oltinko‘l, Shahrisabz kulolchilik maktablari usta kulollari bilan bir qatorda Samarqand va Urgutning mohir kulollari tomonidan mahorat darslar va treninglar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
To‘lqin Siddiqov.