Samarqand "Otello"si Ta’naberdi Qurbonov o‘z zamonining jarchisi edi

O‘zbekiston xalq artisti Ta’naberdi Qurbonov agar hayot bo‘lganida 8 avgust kuni qutlug‘ 85 yoshini qarshilagan bo‘lardi. Kasallik tufayli 2015 yilda vafot etdi. Ammo mahorat bilan ijro etgan rollari milliy san’atimizda o‘chmas iz bo‘lib qoldi.
Adabiyotshunos olim Isroil Mirzayev 1996 yilda betakror aktyor haqida “Fidoyi” nomli kitob chop ettirgan. Unda o‘z davrining fidoyi san’atkori Ta’naberdi Qurbonovning hayot va ijod yo‘li, katta san’atning mashaqqatli so‘qmoqlari, aktyorning sevinch va iztiroblari haqida hikoya qilgan edi. Quyida ushbu kitobdan parcha o‘qiysiz.
Ta’naberdi Qurbonov – mahovatli xarakterlarning talqinida tengi yo‘q san’atkor. U yaratgan Rustam, Ezop, Sulaymon ota, Otello, Mirzo Ulug‘bek siymolarini bir eslang. Buyuk artist xassos iqtidorini, jozibali san’ati qudratini ana shu xarakterlarni talqin qilishda ko‘rsata olgan. Figeyredonning «Badbashara» (Ezop) va Shekspirning «Otello»sida mujassamlashgan mumtoz G‘arb dramatizmi va insonparvarlik, Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek» va O‘lmas Umarbekovning «Qiyomat qarz» asarlarida nurlanib turgan donishmandlik va ulug‘vorlik, diyonat hamda imon, Umarjon Ismoilovning «Rustam» va Mar Boyjiyevning «Duel» asaridagi axloq va ma’naviy poklik, Sharof Boshbekovning «Temir xotin» va Xayriddin Sultonovning «Zarhovuzning bo‘ylarida» dramasida davr dardi hamda zamon fojialarining mohiyati mohir aktyor yordamida asardan, sahnadan odamlar qalbiga ko‘chadi, tomoshabinlar shuurida muhrlanib qoladi.
«Otello» - jahon dramaturgiyasining gultoj asarlaridan biri sifatida mashhur. Sharq-u G‘arb badiiy tafakkuri va donishmandligini qorishtirib, sintezlashtirib yuborgan mazkur fojia Toshkentda qo‘yilib, katta shuhrat topdi. Otello obrazi talqini bilan Shekspir vatani – Angliyada ham taniqli bo‘lgan Abror Hidoyatovdan so‘ng asarning Samarqandda sahnalashtirilishi va Otello roliga Ta’naberdi Qurbonovning jur’atini qanday baholash lozim?
Gap «Otello» Samarqand teatrida qo‘yildi, degan maqtanishda emas, albatta. To‘g‘ri, bunday shoh asarni o‘z teatrida sahnalashtirib, undagi bosh qahramon obrazini yaratib, o‘z teatri va aktyorlarning bo‘y-bastini belgilab olish hamisha orzu-armondir. Lekin samarqandliklar «Otello»ning zamonaviy talqini, hasad va ig‘vogarlik, fitna va munofiqlik avj olayotgan, davrning Yagolari ko‘payayotgan bir paytda tomoshabinni ezgulik, poklik, sadoqat va go‘zallikka oshno qilish, san’atda an’anaviylik vorisiylik hamda davomiylikni ko‘z-ko‘z qilish edi. Ta’naberdi boshqa o‘nlab aktyorlardan farqli o‘laroq, Otelloni mehribon, oqko‘ngil, barcha ziddiyatlari bilan, bir muncha bosiq, ta’sirli va faylasufona ijro etdi. Uning qahramoni aql-zakovati orqasidan sarkarda darajasiga yetgan, go‘zal ovrupolik malikaning muhabbatini qozongan, sadoqatli va dovyurak inson tarzida gavdalanadi.
Shu bilan birga, yovuzlik, dushmanlik, fisq-u fasod, rashk-hasadni keltirib chiqargan, rostgo‘ylik, halollik, tiniqlik, go‘zallikning raqibi – qora kuchlar mohiyati, ildizi ochiladi. Asarni bizning davrimizda sahnalashtirishdan asosiy maqsad inson vujudida ikkita qarama-qarshi qutb – yaxshilik va yomonlik, har bir tanda rahmoniy va shaytoniy xususiyatlar mavjudligidan odamlarni yana bir bor ogohlantirish edi. Iqtidorli san’atkor Ta’naberdi Qurbonov Otello obrazi galeriyasini yangi jilolar bilan boyitgani rost.
Ta’naberdi Qurbonovning ijodiy uslubida bir ustuvor tamoyilini ko‘ramizki, uni alohida qayd etmoq foydadan holi emas. San’atkor nimaga qo‘l ursa, qaysi asar, qaysi aktyorni tanlasa, cho‘qqini mezon qilib oladi. Uning sahna artisti sifatida repertuariga e’tibor bering - barcha spektakllar ijtimoiy-falsafiy, tarixiy-ma’rifiy, ma’naviy axloqiy qimmatga ega. Biz yuqorida eslagan «Ezop» («Badbashara»), «Otello», «Qiyomat qarz», «Duel», «Rustam» va boshqalar.
«Mirzo Ulug‘bek» fojiasi ham sahnalashtirish uchun behuda tanlanmagan. Asar muallifi – o‘zbek adabiyotining ulkan vakili. Ta’naberdi uchun Toshkentda ma’naviy otalik qilgan. Shogirdning guvohlik berishicha, Maqsud og‘a Shukur Burxonovning yaqin do‘sti, oshxo‘rlikda ajralmas ulfati bo‘lgan va ular palovxonto‘raga unnashganda Ta’naberdi o‘choqqa o‘t qalagan, ba’zida ustoz G‘afur G‘ulom ham shu ulfatlar suhbatini alanga oldirgan. Binobarin, ana shu ruhiy tutashlik yosh yigit uchun bo‘lg‘usi uzoq yillik shogirdi murshidlik zanjirini mahkam bog‘lanishiga olib kelgan. Endi o‘ylang, Ta’naberdiday sodiq shogird ustozlaridan ruhan uzoq turishi, ularning yo‘lidan yurmasligi, ular o‘ynagan rollarni ijodiy yondashib, sahnaga olib chiqmasligi yoxud ularning asarlarini o‘z teatrida qo‘ymasligi mumkinmidi?! Aslo!
Demak, Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek» tragediyasi – Ta’naberdining orzusiga aylanib qolgandi, uni Samarqand sahnasida jonlantirmasa, Ulug‘bek Mirzo qiyofasiga kirib, yurtdoshlari bilan maqsudona muloqot qilmasa, ulkan armon bo‘lardi-da. Xuddi shunday, Shukur Burxonovning dono Sulaymon otasini, mard isyonchi Rustamni, jasur Ferdinandini, oriyatli va mag‘rur Jaloliddinini, alloma va odilshoh Mirzo Ulug‘bekini yangi pog‘onalarga ko‘tarib talqin etmasa, yetuk san’atkor – shogird uchun kechirilmas farz va qarz bo‘lib qolardi-da!
«Mirzo Ulug‘bek» fojiasi o‘zbek adabiyotining durdonasi, jahon dramaturgiyasining mumtoz namunalari bilan bo‘ylashadigan tragediya. Inson dahosi, shaxs buyukligi, ilm-fan qudrati, salohiyatidan dars beruvchi, shu bilan birga, tarix ziddiyatlari, ezgulik va ma’rifat sari kurashlarning ayovsizligi haqqoniy tasvirlangan asar. U falsafiy-aqliy teranlikka, insonparvarlikka da’vatkor ibrat namunasi bo‘lib qalblarda sado beradi. Ulug‘bek Mirzoning yorqin va mukammal xarakteri Ta’naberdi Qurbonov talqinida teatr ijodkorlari uchun etalon vazifasini o‘tadi.
Ta’naberdi Qurbonovning shaxsiy kutubxonasi, son-sanoqsiz xatlar, telegrammalar, dastxatlar bilan tanishar ekanmiz, diqqatimizni favqulodda bir holat tortadi. Hayratlanarlisi shundaki, unga bildirilgan hamma fikrlar bir nuqtada birlashadi: ularda asosan «katta odam», «fidoyi inson», «sodiq va chin do‘st», «tengsiz, ulkan san’atkor», «iste’dodli artist», «kuyinchak rahbar», «adolatparvar», «mehri daryo», «bag‘rikeng inson» kabi so‘z birikmalarini uchratasiz. Bu ne hol? Tasodifmi? Qonuniyatmi?
Shunchalik turfa odamlar: ustozlar, shoiru ijodkorlar, uning do‘stlari bir haqiqatni, bor haqiqatni takrorlaganlar, dildan izhor qilganlar. Ulardan birginasi - o‘zbek xalqining ulkan, betakror san’atkori Shukur Burxonovning dastxatini o‘qib ko‘ring-a: «Ta’naberdi, sening qalbing pok, pokligicha qolsin! Aktyor o‘z zamonining jarchisi, o‘z xalqingga sof xizmat qilgin. Men senda o‘z Rustamimni, o‘z Ferdinandimni, o‘z Jaloliddinimni, Mirzo Ulug‘begimni ko‘ryapman. Fidoyi san’atkor bo‘lib qolgin…»
Ustozning 1960 yillarda qilgan bashorati yillar o‘tib isbotlandi. Ta’naberdi Qurbonov 1970 yillar san’atining yirik namoyandasiga aylandi.