Samarqand shahri Yangi qo‘rg‘oncha mahallasidagi tungi klub faoliyatiga nega chek qo‘yilmayapti?

Bugun viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida viloyat televideniyesining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida ro‘yxatga olingan murojaatlarning ijrosi ko‘rib chiqilgan. Qayd etilishicha, joriy yilning shu davrigacha viloyat televideniyesining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida 3875 ta murojaatlarning 19 tasi muddatida ijro qilinmagan.

Masalan, Samarqand shahar hokimligi tomonidan Yangi qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi Usmon O‘sarovning yangi qurilgan 7 qavatli 169-uy yerto‘lasidagi tungi klub faoliyati bolalar va yoshlar tarbiyasini buzayotganligi, tungi klub antisanitariya holatida ekanligidan noroziligi sababli, ushbu holatni bartaraf etishda yordam so‘rab qilgan murojaati e’tiborsiz qoldirilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan Qo‘shhovuz mahallasida yashovchi fuqaro Muhammadiyeva Jamilaning 162-ko‘p qavatli uyni ta’mirlash ishlari chala qolib ketganligi, ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazilishi to‘g‘risidagi murojaati ham haligacha ko‘rib chiqilmagan.

Urgut tumani hokimligi tomonidan Chag‘izmon mahallasida yashovchi Lobar Sodiqovaning Bahrin mahallasidan mehmonxona qurish uchun sotib olingan 8 sotix yer maydoni bo‘yicha tuman hokimining qarori qabul qilinmayotganligi hanuz hal etilmagan.

Urgut tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan Do‘stlik mahallasida yashovchi Abduvohid Xursanovning tuman markaziy shifoxonasida urolog vrach yoki mutaxassis yo‘qligi, qachon Urgut markaziy shifoxonasida urolog vrach qo‘yiladi, degan murojaati yuzasidan amaliy chora ko‘rilmagan.

Qo‘shrabot tumani hokimligi tomonidan Zarmitan mahallasida yashovchi Salohiddin Mirzayevning mahallada elektr simlari xavfli holatda turgani, osilib yotgani, toza ichimlik suvi va yo‘lni ta’mirlash hamda sartaroshxona qurish uchun yer maydoni ajratib berish to‘g‘risidagi murojaati ko‘rib chiqilmagan.

Shuningdek, mutasaddilar Do‘stlik mahallasida yashovchi Nafisa O‘roqovaga tuman Xalq bankidan 8 foizlik kredit olish uchun hujjatlar tayyorlangan bo‘lsa-da, kredit ajratilmayotganligiga parvo qilishmayapti.

Y.GADOYEV.