Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lov o‘zgardi

Hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflarini tasdiqlash to‘g‘risida

Samarqand viloyati hokimining Qarori

 «Chiqindilar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 sentyabrdagi «Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4845-son, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 95-son qarorlariga asosan hududlardan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini takomillashtirish, hududlarning ekologik va sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida QAROR QILAMAN:

  1. Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2024 yil 29 apreldagi VI-98-34-7-0-K/24-son qarori bilan viloyatda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari miqdori ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  2. Shahar va tumanlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  3. Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi (K.Shermatov), viloyat «Toza hudud» DUK (B.Latipov), «Maroqand obod» DUK (R.To‘lkinov) sanitar jihatidan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda:

- bir oy muddatda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatini ro‘yxat bo‘yicha abonentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish va to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etishni;

- aholi punktlari hududidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati bo‘yicha marshrutlar jadvallarini qayta ko‘rib chiqib, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanishini va ushbu jadvallar asosida chiqindilar tashilishini amalga oshirishni ta’minlasin.

  1. Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat g‘aznachilik boshqarmasi (O.Hamdamov) bilan birgalikda:

- byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan tashkilotlarning xarajatlar smetasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashib chiqarish xarajatlari bo‘yicha belgilangan normativlar asosida zarur mablag‘lar rejalashtirilishini;

- viloyat «Toza hudud» davlat unitar korxonasi, «Maroqand obod» davlat unitar korxonasi va sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan byudjet tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan tegishli shartnoma shartlariga ko‘ra mablag‘larning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlasin.

  1. Viloyat televideniyesi (M.Ixtiyorov), «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati (F.Toshev), viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi (K.Shermatov), viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi (S.Zayniyev), viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi (M.Nasritdinova)ga shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda aholining keng qatlamlari orasida fuqarolarning huquqiy va sanitariya-ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini tashkil etish tavsiya etilsin.
  2. Viloyat hokimining 2023 yil 13 noyabrdagi «Hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari miqdorini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 319-7-0- Q /23-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  3. Viloyat hokimligi axborot xizmati – matbuot kotibi (M.Mirzayev), «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi» MChJ (N.Norbekov) ushbu qarorni Lex.uz - O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilinishini va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.
  4. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov zimmasiga yuklatilsin.
  5. Ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

 

Viloyat hokimi                                   E.Turdimov

2024 yil 7 iyun              150-7-0-Q/24

ILOVA

Shahar va tumanlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflari

Xizmatlar turi

Tip, marka, artikul yoki model raqami

O‘lchov birligi

Belgilangan narx (so‘m)

Samarqand shahri va Samarqand tumani bo‘yicha

Aholi uchun tarif 1 kishi 1 oyda (QQS bilan)

Maishiy chiqindilar

Bir oyda fuqaro uchun

5 600

Yuridik tashkilotlari uchun tarif (QQS bilan)

Maishiy chiqindilar

m3

90 000

1 tonna uchun

182 550

Suyuq chiqindilar

1 tonna uchun

86 525

Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanlar bo‘yicha

Aholi uchun tarif 1 kishi 1 oyda (QQS bilan)

Maishiy chiqindilar

Bir oyda fuqaro uchun

4 624

Yuridik tashkilotlari uchun tarif (QQS bilan)

Maishiy chiqindilar

m3

59 693

1 tonna uchun

155 824

Suyuq chiqindilar

1 tonna uchun

70 600