Samarqandda 1 sotix yerning narxi qancha?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning 2019 yil 29 yanvarda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish uchun yer uchastkalarining joylashgan hududidan kelib chiqib bo‘sh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlang‘ich bahosini tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish uchun har bir shahar va tuman bo‘yicha bo‘sh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining 2019 yil birinchi choragi uchun boshlang‘ich bahosi tasdiqlandi.
Bir sotix (0,01 gektar maydon) uchun tasdiqlangan bo‘sh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlang‘ich bahosi Samarqand shahrida 249 ming 922,8 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahrida 149 ming 772,2 so‘m va boshqa barcha tumanlarda 127 ming 828,8 so‘m etib belgilandi. Bunda yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash uchun xarid qilingan maydon 0,01 gektar bo‘lganda, eng kam ish haqining ikki baravari, 0,01 gektardan 0,05 gektargacha bo‘lganda uch baravari, 0,05 gektardan 0,1 gektargacha bo‘lganda to‘rt baravari va 0,1 va undan ko‘p gektar bo‘lganda, eng kam ish haqining besh baravari miqdorida kadastr xizmati qo‘shiladi.