Yer maydoni ajratish tartiblarini bilasizmi?

Bugun ko‘pchilik tadbirkorlik qilish yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun harakat qilyapti. Chunki buning uchun imkoniyatlar, yengilliklar yaratilgan. Faqat har ikkala faoliyat bilan shug‘ullanish uchun yer maydoni kerak. Aynan shu masalaga kelganda ayrimlar “Yer olib beraman”, degan firibgarlarga ishonib, aldanib qolyapti.

Xo‘sh, xoh u tadbirkor bo‘lsin, xoh oddiy dehqon xo‘jaligi tashkil qiluvchi bo‘lsin, kishilar yer maydoni olish uchun nima qilishi, kimga murojaat etishi kerak?

Bu haqda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.Xudoyqulov Zarnews.uz’ ga quyidagilarni ma’lum qildi:

 Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’yekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida Davlatimiz rahbari tomonidan  bir qancha farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu jumladan, Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 8 iyun kuni “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

Ushbu Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

  • yer uchastkalari xususiy sektorga - mulk vaijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga (keyingi o‘rinlarda - davlat tashkilotlari) - doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
  • ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk ob’yektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu ob’yektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarmulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
  • davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun viloyat hokimining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
  • barcha hollarda yer uchastkalarifaqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;

Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 avgustdan boshlab, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli:

  • qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchundavlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga - Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan;
  • agrosanoat klasterlariga- yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
  • eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun- loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga - ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilindi.

Shuningdek, mazkur Farmonga asosan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqi berildi.

Shu bilan birga, ikki oy muddatda qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratish, yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish bo‘yicha ma’muriy reglamenti tasdiqlash belgilandi.

Bugungi kunda ushbu qarorga muvofiq yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish «E-IJARA» axborot tizimi orqali amalga oshirilishi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari «E-AUKSION» elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berilishi, yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga hamda 2022 yil 1 mart sanasidan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik berilishi belgilandi.

Bugungi kunda yuqoridagi qarorlarga muvofiq, qishloq xo‘jaligi maqsadlari, shu jumladan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari «E-AUKSION» elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali yuridik va jismoniy shaxslarga ijara huquqi asosida berilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qaror bilan quyidagilar belgilangan:

a) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan ularga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish «Yerxususiylashtirish» AAT orqali amalga oshiriladi;

b) Davaktiv agentligi «Yerxususiylashtirish» AATning texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatori hisoblanadi;

v) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mulk yoki ijara huquqlari asosida, yakka tartibda uy-joy qurish uchun mulk huquqi asosida realizatsiya qilish «E-AUKSION» elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;

g) «Yerxususiylashtirish» AATni texnik qo‘llab-quvvatlash, xususiylashtiril-gan yer uchastkasiga mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, yagona billing hisob-kitob tizimi xizmatlari uchun to‘lovlar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Prezidentimizning farmon va qarorlari hamda hukumatimizning tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan Nizom va Ma’muriy reglamentlarga asosan yer ajratish tartiblari qat’iy ravishda, barcha uchun birdek tushunarli tarzda belgilab berilgan.