O‘zingizga tegishli bo‘lgan yerni xususiylashtirmoqchimisiz?

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan) yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.

Bugungi kungacha yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun berish, ya’ni auksion orqali sotish amaliyoti mavjud edi. Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish borasida uchta tartib ishlab chiqildi:

  1. Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;
  2. Tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksionga qo‘yish;
  3. Yakka tartibdagi uy-joylarning yer uchastkalarini mulk huquqi asosida sotib olish.

Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino-inshoot kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin emas).

Fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan noturar joy ob’yektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Ya’ni, bino o‘zingizga tegishli bo‘lsa ham, uning yeri sizga tegishli emas edi.

Mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun endi jismoniy va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazlari (DXM)ga yoki Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz) orqali ham murojaat qilishi mumkin. Ariza Kadastr agentligi va qurilish bo‘limlariga yo‘naltiriladi. Kadastr bo‘limlari o‘z navbatida ushbu yer uchastkasi ariza bergan fuqaroning nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo‘qmi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiradi. O‘sha yer uchastkasi o‘zgarmagani, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudligi haqidagi ma’lumotlarga to‘liq mos kelishi, taqiq va cheklovlar mavjud emasligi – xususiylashtirishga monelik qilmaydigan barcha tomonlar tekshirib chiqiladi.

Ikkinchi tomondan, qurilish bo‘limlari yer uchastkasi hududi shaharsozlik me’yorlariga mos kelishi, xususiylashtirish uchun mumkinligini o‘rganadi. Barcha tekshiruvlardan o‘tgandan keyin fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, ya’ni xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma orqali xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshiradi.

 

Fuqaro o‘ziga tegishli yerlarni hovli-uylar joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi? Xususiylashtirish to‘lovi qanchaga tushadi?

Barchamiz yer uchastkasiga yer solig‘i to‘laymiz. Mulkdorlar, yerdan foydalanuvchilar uchun xususiylashtirish to‘lovi mazkur yer uchastkasi uchun hisoblangan yer solig‘i miqdorining 20 barobari deb belgilangan.

Mana shu to‘lov amalga oshirilgandan keyin ma’lumotlar billing tizimida hisobga olinib, davlat organlari tomonidan o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan davlat orderi beriladi. Mazkur order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zi sotib olishi mumkin. Bu auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.

 

Yer uchastkasini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy: lekin bundan fuqaroga nima foyda?

Birinchidan, yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz. Deylik, “Hovlimning bir qismini o‘g‘limga hadya qilmoqchiman yoki kimgadir bermoqchiman, yarmini sotmoqchiman”, deysiz. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yer uchastkasini qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi. Qanchasini kimga sotishi mulkdorning xohishi, yer – o‘ziniki.

Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib olishi mumkin. Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk huquqidan boshqa 5 ta huquqqa tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan (xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib qo‘ya olmaydi.

Agar yer uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer davlatga o‘tadi. Yer “snos”ga tushib ketmaydi. Bu – mulk huquqining kafolatlanishi.

Uchinchidan, yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz. Qonunchilikda shu kungacha mulk huquqi yer uchastkasiga nisbatan bo‘lmagan. Yer uchastkalarini qo‘shib yuborish, ajratish va qayta taqsimlash mexanizmlari bor. Shu mexanizmlar yer uchastkasiga mulk huquqi bo‘lgandagina ishlaydi. Buning uchun ma’lum hududda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi ko‘paysa, mexanizmlar effektini ko‘ramiz.

To‘rtinchidan, yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati yerga nisbatan mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov ob’yekti sifatida ham foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib, ipoteka olish imkoniyati ham yuzaga keladi.

 Roziq Imomov,

viloyat sudining sudyasi.