Ishtixonda ishsiz oilalarga yer berish boshlandi

Prezident qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan fuqarolarga yer maydonlari ajratilyapti.

10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamdagi yerlar  ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida berilmoqda. Bu imkoniyatdan asosan “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar foydalanishi mumkin. Biz aynan shu masalada Ishtixon tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik.

1663 nafar ishsizga 15 sotixdan yer ajratildi

Tumanda ishsizlik muammosi, xususan, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida 2022 yilda 392 gektar yer maydoni 10 yil muddatga ijara shartnomasi asosida ajratilishi belgilangan. Bugungi kungacha e-auksion.uz savdo maydonchasiga joylashtirilgan 2272 ta lotdan 2246 tasi uchun g‘oliblar aniqlandi.

- Mehnat qilaman, degan kishiga bu katta imkoniyatdir, - deydi tuman mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi direktori Qosim Nuriddinov. – Tanlovda g‘olib bo‘lganlarning 371 nafari “Temir daftar”, 240 nafari “Ayollar daftari”, 1052 nafari esa “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ishsizlar hisoblanadi. Qolgan 586 nafari “daftar”larga kiritilmagan, ammo tomorqadan samarali foydalanayotgan, yerga ehtiyoji bor fuqarolardir.

Yerli bo‘lgan bilan kambag‘al boy bo‘lib qolmaydi

Tumanning uchinchi sektor hududida joylashgan "Qo‘ng‘irot" mahallasi Arziqul qishlog‘ida “Temir daftar”da turgan 19 kishiga, “Ayollar daftari”dagi 7 nafar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 37 nafar fuqaroga 15 sotixdan yer maydoni ajratildi.

- O‘tgan yili ham ishsiz yoshlarga yer maydonlari ajratilgan edi, - deydi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, sektor rahbari Siroj Sharipov. - Ammo ularning barchasi ham berilgan yerdan unumli foydalana olmadi. Bunga sabab yoshlarning tajribasizligi, urug‘ tanlashda, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishdagi tushunmovchiliklar, qolaversa, ularga ko‘maklashishda mutasaddilarning mas’uliyatsizligi hamdir. Shuning uchun endi “Yerni tanlovda g‘olib bo‘lganga berdik, ish bitdi”, deb beparvolik qilmasligimiz kerak. Ularga “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyiliga amal qilishlari, urug‘, o‘g‘it va suv ta’minotida muammoga duch kelmasliklari uchun yaqindan ko‘maklashish, malakali agronomlarning yordamiga tayanish lozim. Xullas, 10 yil davomida yerni shudgorlashdan to hosilni bozorga chiqarib sotishgacha bo‘lgan jarayonda ularga mas’ullar yaqin ko‘makchi bo‘lib ishlarni nazoratga olib borsagina maqsadga erishish mumkin. Agar shunday qilmasak, tanlovda g‘olib bo‘lib, yerli bo‘lgan bilan kambag‘al boy bo‘lib qolmaydi.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlar bepul

Ko‘pchilik e-auksion.uz savdo maydonchasi orqali yer olish pullik, deb o‘ylaydi. Sababi “auksion” so‘zi “ommaviy kimoshdi savdosi”, degan ma’noni bildiradi. Ammo bu tanlovda pul rol o‘ynamaydi. Yerga ehtiyojligi, ijtimoiy “daftar”larga kiritilganligi, dehqonchilikdan xabardorligi inobatga olinib, ballar beriladi va ishtirokchilar orasidan yuqori natijaga erishganlar g‘olib hisoblanadi.

- “Ayollar daftari”ga kiritilganman, - deydi "Qo‘ng‘irot" mahallasida yashovchi Manzura Nazarova. – Meni va turmush o‘rtog‘imni ishsizlik muammosi qiynar edi. Tavakkal qilib tanlovda qatnashish uchun onlayn ariza topshirdim. Qo‘l telefonimga g‘olib bo‘lganligim haqida xabar keldi. Shuningdek, davlat xizmatlari markazi tomonidan g‘oliblarga dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tish xizmati ham ko‘rsatildi. Avvallari bir hujjat to‘g‘rilash uchun qancha sarson bo‘lar edik. Ahamiyatlisi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar bepul. Berilgan bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ajratilgan yerdan mo‘may daromad qilishni niyat qilganmiz.

Harakat qilgan baraka toparkan

"Chag‘atoy" mahallasi yoshlaridan biri Zafar Xoliqulov talaba bo‘lish orzusi amalga oshmagach, bir muddat ishsiz qoldi. Ammo “Olma pish, og‘zimga tush!” deb o‘tirmadi. Uning ism-sharifi “Yoshlar daftari”ga kiritilgandan keyin yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga harakat qildi. Bankdan 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, asalarichilik bilan shug‘ullana boshladi. Bo‘sh vaqtida tomorqasida mehnat qildi. 3 yillik kreditni bir yilga qolmay qaytardi.

- Ikkinchi sektor rahbarining taklifi bilan men ham tanlovda ishtirok etdim, - deydi Z. Xoliqulov. – G‘olib bo‘ldim va mahallamizdagi katta yo‘l yoqasida joylashgan ekin maydonining 15 sotixidan 10 yil davomida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ham asalarichilik bilan, ham dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Tengdoshlarimda xohish bo‘lsa, ularni aslarichilik bilan shug‘ullanishga taklif qilaman.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).