Samarqand shahri, Ishtixon va Paxtachi tumanlarida noqonuniy yer sotish holatlari aniqlandi
Davlat xavfsizik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir nechta noqonuniy yer sotish holatlari fosh etildi.
Xususan, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Ishtixon tumanida yashovchi M.X. va J.A. fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 8,5 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga 84 million so‘mga sotishga kelishib, kelishilgan pul mablag‘larini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Departamenti xodimlari bilan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi fuqarolar R.X. va X.F. shahar hududida o‘zlariga tegishli bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli, Xitoy texnologiyasi asosida issiqhona qurish uchun ajratilgan 0,50 gektar sug‘oriladigan yer maydonini mahalliy fuqaroga 60 ming AQSh dollarga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Paxtachi tumanida yashovchi fuqarolar S.S. va S.Sh. mahalliy fuqaroga sovun mahsulotlari ishlab chiqarish sexini tashkil qilish uchun o‘zlariga tegishli fermer xo‘jaligi xududidan 1,2 gektar yer maydonini 87 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, 83 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.