Samarqandda 10 zamonaviy kushxona bor. Yangilari ochiladimi?

Hududlarda faoliyat yuritib kelayotgan hayvonlarni so‘yish va go‘sht sotish bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan aholini go‘sht bilan ta’minlashda veterinariya-sanitariya norma va qoidalariga to‘liq rioya qilmaslik natijasida xavfsizligi hamda sifati kafolatlanmagan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining savdoga chiqarish holatlari uchrab turadi. Bu kabi holatlarni tartibga solish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunda tuman va shaharlarda 10 ta avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan chorva mollarini so‘yishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yil yakuniga qadar yana 2 ta zamonaviy kushxona foydalanishga topshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda qorako‘lchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklarda 96 ming bosh mayda shoxli mol parvarishlanmoqda. Xo‘jaliklar tomonidan joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida 124 tonna go‘sht, 72 tonna jun va 9200 dona teri tayyorlangan.