"Qassobga yog‘, echkiga jon qayg‘usi", yoki joylardagi kushxonalar, "chapdast" qassoblar xususida
2018 yil 14 noyabrda viloyat hokimining "Viloyat aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish va sotishda veterinariya va sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qay tarzda iste’molga chiqarish yo‘llari belgilab berildi.
Go‘shtini iste’molga chiqarish uchun mo‘ljallangan hayvonlarni so‘yishni zamonaviy texnologiyalar yoki avtomatlashtirilgan asbob-uskunalar bilan jihozlangan bino va xonalari mavjud bo‘lgan, veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan ixtisoslashgan so‘yish korxonasida amalga oshirish, ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida faqat uy hayvonlari, ya’ni yirik va mayda mol, cho‘chqa, ot, tuya, quyon hamda uy parrandalarining barcha turlari so‘yilishi mumkinligi belgilandi.
Jumladan, so‘yilgan mol go‘shti veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilib, tanasiga maxsus muhr bosilgan holda tegishli ma’lumotnoma (guvohnoma) asosida savdo korxonalari, iste’molchilar va boshqa tashkilotlarga yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish lozim.
Veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan go‘sht mahsulotlarining bozor hududiga kiritilishi va sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Savdo shoxobchalari va bozorlarda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanadigan shaxslar belgilangan tartibda maxsus kiyim kiyishi hamda bir yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi yuzasidan belgilangan veterinariya-sanitariya tartibiga qat’iy amal qilinishi kerak.
Bular qassobchilik bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, qolaversa, go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish, nazorat qilish mahkamalari bilishi, qat’iy amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalar. Bu qoida-amallarsiz sizu biz iste’mol qiladigan go‘sht yoki boshqa turdagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erisholmaymiz. Uning ortida qanchadan-qancha bolalar muassasalari, shifoxonalar, harbiy qismlar, kuniga ming-minglab xo‘randalar ovqatlanadigan umumiy ovqatlanish tarmoqlarining turganligini ko‘z oldimizga keltirishimiz darkor.
– Viloyat hokimligi mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor berib kelmoqda. Masalan, viloyat hokimligida shu yil 7 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda shu masala keskin qo‘yildi, – deydi viloyat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Toshmurodov. – Aholiga yetkazib berilayotgan chorva mollarining kushxonalarda so‘yilishi bilan bog‘liq masalalar tanqidiy muhokama qilindi va tegishli mutasaddilar zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklatildi.
Shundan kelib chiqib, biz joylarda bir qator tadbirlar o‘tkazdik. Jumladan, Samarqand shahar hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga tegishli dehqon bozorlaridagi veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriya xodimlari tomonidan "Siyob dehqon bozori"da yakka tartibdagi tadbirkor qassoblar A.Muqumovning I.Atoyevning kelib chiqishi noma’lum, birlamchi veterinariya ma’lumotisiz mol go‘shti sotganligi uchun mahsuloti vaqtincha olinib, qayta ekspertizadan o‘tkazildi va bu haqda bayonnomalar rasmiylashtirildi. "Damariq", "Temiryo‘l dehqon" bozorlarida ham yuqorida ko‘rsatilgan tartib-qoidalarni buzganligi uchun 10 nafar qassoblarga nisbatan shunday chora qo‘llanildi.
2017 yilda Samarqand tumani hududida chorva mollarini so‘yishga ixtisoslashgan zamonaviy kushxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari hisobiga Turkiya texnologiyasi asosida jihozlangan korxona to‘la quvvat bilan ishlaganda bir kecha-kunduzda 300 bosh qoramolni so‘yish quvvatiga ega. Afsuski shuncha mablag‘ sarflangan avtomatlashtirilgan zamonaviy bu korxona hozircha 14 foiz quvvat bilan ishlamoqda. Kushxonani qurishda Samarqand, Past Darg‘om, Urgut va Toyloq tumanlarida so‘yiladigan chorva mollari shu yerga olib kelinishi nazarda tutilgan. Afsuski, kushxonaga keltirilayotgan mollar 5-20 foizdan oshmayapti.
Mazkur korxona rahbari Sherali Toshpo‘latov va veterinariya vrachi Shavkat Ravshanov nazoratchi ishchi guruh a’zolariga qiziq bir gapni aytib qolishdi. "Samarqand shahridagi mavjud ichki bozorlar va mahallalar hududidagi qassobxonalarda sotilayotgan go‘shtning 80 foizida korxonamizda so‘yilganligi haqida hujjat mavjud, xolos. Biroq kushxonamiz muhri va veterinariya tekshiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi muhr yo‘q". Bundan ko‘rinib turibdiki, bitta chala hujjat bilan o‘nlab chorva mollari go‘shti savdoga chiqarib yuborilmoqda. Masalan, "Siyob dehqon bozori"dagi markaziy go‘sht pavilonida shunday manzarani ko‘rish mumkin.
Gap zamonaviy kushxonalar haqida borar ekan, ishchi guruh tahlil etgan quyidagi misollarni keltirib o‘tmoqchimiz.
Payariq tumanidagi 3 ta – "Gavhar-Dinara invest", "Aziz Fred gold" MChJga qarashli kushxona, "G‘ulom-Ma’ruf" oilaviy korxonalari to‘la quvvat bilan ishlamayapti. Ayrimlari antisanitariya holatida. Oilaviy korxona faoliyati qonuniy tugatilgan bo‘lsa-da, mol so‘yish davom ettirilmoqda. "Jomboy poyafzal savdo" MChJga qarashli kushxonada kuniga 40 ta mol so‘yilishi mumkin bo‘lsa-da, bu raqam 6-7 tadan oshmayapti.
Nurobod tumani markazida manzilli dastur asosida qurilishi rejalashtirilgan kushxona uchun tadbirkor Sharif Jumayevga 0,15 ga yer maydoni ajratilgan, qurilishi ishlari boshlangan. Biroq kushxona belgilangan muddatda ishga tushmay qoldi. Bulung‘ur, Urgut, Toyloq, Ishtixon tumanlaridagi ayrim tadbirkorlarga tegishli kushxonalar ham to‘la faoliyat ko‘rsatmayapti. Borlari antisanitariya holatida. Chorva mollarini uyda so‘yib, sotish hollari ko‘p. Oqdaryo tumanida esa maxsus kushxona mavjud emas. Qassoblar uylarida so‘yish maydonchalari qurib olgan. Bunday hollarda go‘shtning sifatiga hech kim kafolat berolmaydi.
Endi savol tug‘iladi. Xo‘sh, zamonaviy kushxonalarga mollarni kim yetaklab keladi?
– Bunga tuman va shahardagi hokimliklardan tortib barcha nazorat idoralari mas’ul etib belgilangan, – deya so‘zini davom ettiradi E.Toshmurodov. – Katta mablag‘ hisobiga qurilgan kushxonalar uchun kredit mablag‘lari mazkur tuman va shaharlar hisobidan moliyalashtiriladi. Kushxona bitta molni so‘yish uchun 80 ming so‘m xizmat haqi oladi. Sarf qilingan mablag‘ni qoplash uchun demak hammamiz mas’ul bo‘lishimiz lozim. Buning uchun kushxonalarda maxsus transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu birinchidan.
Ikkinchidan, bozorga kirib kelayotgan mahsulotni bozorlar uyushmasi hal qiladi va shunga yarasha chek oladi. Chek berishdan oldin mol-hol veterinariya ko‘rigidan o‘tganmi, mahsulot iste’mol uchun yaroqlimi – so‘ralishi lozim. Ammo bunga hech kim qiziqmaydi.
Uchinchidan, bozorlardagi veterinariya vrachlari belgilangan joylardagi mahsulotlardan namuna olib tekshirishadi. Bozor atrofidagi mol-mahsulotlar esa nazoratsiz chetda qoladi.
To‘rtinchidan, xalqimiz iste’molchilik saviyasini oshirishi, sog‘liq uchun nima yaroqliyu nima zararligini bilishlari kerak.
Xullas, dehqon bozorlarining o‘z darvozasi, qassobchilik bilan shug‘ullanayotgan yakka tadbirkorlarda insof, diyonat bo‘lishi lozim.
Demak, viloyat hokimligi tomonidan qo‘yilayotgan talablar shunchaki rasmiyatchilik emas. Uning zamirida inson salomatligi yotibdi. Bu borada qancha gaplar aytiladi, nazoratchi organlar tomonidan tekshiriladi. Biroq odamlarni mavjud chorva mollarini maxsus joylarda, zamonaviy kushxonalarda so‘ydirishga ko‘niktira olmayapmiz. Ayrim qassoblarning firibgarligiga esa barcha chidab kelmoqda.
Viloyat hokimining yuqorida qayd etilgan qarori asosida viloyat veterinariya boshqarmasi, viloyat DSNEM, viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda veterinariya-sanitariya qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarga, veterinariya hujjatlarisiz go‘sht qabul qilgan umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga nisbatan amaldagi tartibda javobgarlik choralari ko‘riladigan bo‘ldi.
Adham HAYITOV, O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
"Zarafshon" muxbirlari.