Samarqandda 2865 nafar fuqaro karantinda: 2702 nafari uy sharoitida, 163 nafari davolash profilaktika muassasalarida nazoratga olingan
10 iyuldan mamlakatimizda karantin choralari yana kuchaytirildi. Ushbu holatda viloyatdagi davolash muassasalari shu paytga qadar qanday tartibda ishlayotgan bo‘lsa, shu taxlit ishini davom ettiradi.
Ayni paytda Samarqand viloyat, tuman tibbiyot birlashmalari, shifoxonalar karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Shifoxonaga bemorlardan boshqalarning kirishi qat’iyan man etiladi. Tumanlardan viloyatga davolanish ehtiyoji bor bemorlar hudud tibbiyot muassasasi yo‘llanmasi bilan qabul qilinadi.
Hozirda (10 iyul holatiga ko‘ra) viloyatimizda yashovchi 517 nafar fuqaroda “Covid-19” tashxisi rasmiy tasdiqlangan. Ulardan 65 nafari viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida davolanmoqda.
Ayni paytda viloyatda 2865 nafar fuqaro karantinda saqlanmoqda. Jumladan, 2702 nafari uy sharoitida, 163 nafari davolash profilaktika muassasalarida nazoratga olingan.
Bundan tashqari, viloyatimizda 19 ming 297 nafar o‘z uyida va 6 ming 597 nafar tibbiyot muassasalarida karantin sharoitida saqlanayotgan fuqarolar karantin hisobidan chiqarildi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.