14 kun o‘tdi. Samarqand shahrida ta’lim muassasalari o‘qishni qachon an’anaviy shaklga o‘tkazadi?

Xabaringiz bor, joriy yilning 27 aprelidan Samarqand shahridagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari ko‘plab kuzatilayotgani sababli shahardagi barcha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida 14 kunlik karantin joriy etilgan edi.

14 kunlik muddat o‘tdi, Samarqand shahridagi ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini an’anaviy shaklga o‘tkazadimi-yo‘qmi?

Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi axborot xizmatidan ma’lumot oldik.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahrida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat hamon barqaror emas. Shu tufayli ta’lim muassasalari o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar o‘rtasida kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida Samarqand shahar hokimligi huzuridagi epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi yig‘ilishi bayoniga asosan Samarqand shahridagi barcha ta’lim muassasalari o‘quvchilari ta’lim shaklini 10 maydan 25 mayga qadar masofaviy shaklda davom ettirishi ma’lum qilindi.

Xuddi shuningdek, o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi muassasalarida ham ta’lim jarayoni 25 mayga qadar masofiy shaklda davom ettiriladi.