Oliy ta’lim muassasalariga oid xalqaro seminar: 22 davlatdan 79 nafar ekspert - Samarqandda

"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida universitetlarning uchinchi missiyasi doirasida “Hamkorlikda davlatning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga hissasi” mavzusida xalqaro seminar boshlandi.

Erasmus+ milliy ofisi, OBREAL kabi Yevropaning bir qator oliy ta’lim sohasiga oid tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan seminarda 22 davlatdan 79 nafar ekspert ishtirok etmoqda.

- Tadbir universitetlarning mahalliy ekotizimlarga qo‘shayotgan hissasi hamda kengroq rivojlanishni o‘rganishga qaratilgan, - dedi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bo‘lim boshlig‘i Sardor Samariddinov. - Universitetlar jamiyat ehtiyojlarini qondirishga qanday hissa qo‘shayotganini o‘rganadi va bu hissalar muayyan kontekstlarga qanchalik moslashtirilganligini baholaydi. Bundan tashqari, seminarda ta’lim va ta’lim innovatsiyalari, raqamlashtirish, axborotlashtirish va umrbod ta’limni ta’minlash kabi asosiy mavzular orqali universitetlarning ta’sirini maksimal darajada oshirish strategiyalari o‘rganiladi.

Seminarda oliy ta’lim islohoti bo‘yicha ishtirok etuvchi ekspertlarga o‘z institutlari va mamlakatlaridagi ishlarni, ularning yutuq va muammolari bilan bo‘lishish imkoniyatini beradi. Shuningdek, O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga ham e’tibor qaratiladi.