O‘zbekistonda nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining diplomi tan olinadimi?

Hozirgi paytda mamlakatimizda qaysi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari abituriyentlardan hujjat qabul qilmoqda? Ular tomonidan beriladigan diplom davlat oliy ta’lim muassasalari diplomi bilan bir xil kuchga egami, ya’ni tan olinadimi?

Shu kabi savollarga Ta’lim inspeksiyasi matbuot xizmatidan quyidagi javoblar olindi:

- Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 29 taga yetdi.

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinayotgan talabalarning qariyb 10 foizdan ortig‘i, ya’ni 20 000 ming nafarga yaqini aynan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ta’lim inspeksiyasi tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining rasmiy veb-sahifalari o‘rganilganda, hozirgi kunda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Ma’mun nomidagi jahon tillari instituti, TMC instituti hamda TEAM universiteti, Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti, Toshkent xalqaro ta’lim universiteti kabi oliy ta’lim tashkilotlarida qabul jarayonlari davom etayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu muassasalarga oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Ta’lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziyalar rasmiylashtirilgan. Ular tomonidan berilgan diplom mamlakatimizdagi boshqa oliygohlariniki bilan bir qatorda tan olinadi.

 

- Xorijiy oliy ta’lim muassasasining diplomi O‘zbekistonda tan olinishi uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?

- Taklif etilayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti diplomining O‘zbekistonda tan olinishi uchun avvalo, tashkilotning oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya’ni litsenziyasi mavjud bo‘lishi kerak.

Qolaversa, oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi, muassasaning o‘qitish shakli va ta’lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganish lozim.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi ta’lim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat qilib belgilangan.

- Qaysi holatlarda xorijiy oliy ta’lim muassasasi diplomi O‘zbekistonda tan olinmaydi?

- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomga asosan xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar quyidagi holatlarda tan olinmaydi:

- xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekiston Respublikasidagiga qaraganda ta’lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan bo‘lsa (hujjat egasi ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmasa);

- oliy ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;

Oliy ta’lim bosqichlarida:

- bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa yoki Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plagan bo‘lsa;

- magistratura bo‘yicha o‘qish muddati bir yildan kam bo‘lsa;

- bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olganda umumiy o‘qish davri uch yildan kam bo‘lsa.

Ayni sabablarga ko‘ra, 2020 yilda 102 nafar, 2021 yilning o‘tgan davrida 69 nafar murojaat qilganlarning diplomi sinovlarga chaqirilmasdan tan olish rad etilgan.