Davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish osonmi?

Maktabni bitirgan yoshlar davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmasa, vaqtni boy bermaslik uchun nodavlat oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz o‘qishga kiradi. Ularning ko‘pchiligi bir muddat o‘qigach, o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirishni niyat qilishadi.

Ammo, davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish oson emas, uning o‘z qonun-qoidasi bor.

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish uchun talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari talab etiladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi. Bu haqda respublika Prezidentining 2022 yil 15 iyunda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Dastlab, o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talaba 15 iyuldan 5 avgustga qadar onlayn ariza taqdim etadi. Uning arizasi oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Talabaning arizasi ko‘rib chiqilgach, unga imtihonda qatnashish yoki qatnashmaslik haqida xabar beriladi.

Har yili test sinovlaridan oldin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlanadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Talaba testda tasdiqlangan o‘tish balini to‘play olishi kerak. Agar u test sinovida o‘tish balini to‘play olmasa, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Agar talaba o‘tish balini to‘play olsa, ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasiga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqidagi buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.

Talaba nodavlat oliy ta’lim muassasasidan hujjatlarini olib, davlat oliy ta’lim muassasasiga topshiradi. Agar fanlardagi farqlar soni 4 ta va undan yuqori bo‘lsa, unda talaba bir kurs past bosqichga qabul qilinadi.

Talabani talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirgandan so‘ng chiqariladi.

Yaxshi tomoni, talaba katta miqdordagi kontrakt to‘lovidan qutuladi. Endi unga, to‘g‘rirog‘i, ota-onasiga davlat oliy ta’lim muassasasidagi kontrakt puli uncha katta summa bo‘lmay qoladi. Ammo, yugur-yugur bu bilan tugamaydi. O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi. Talaba o‘quv yilining oxiriga kelib, ikkinchi semestr imtihonlarini topshirib bo‘lgach, istasa, qarzdor bo‘lib qolgan fanlarini yopish uchun to‘lov qiladi. Istamasa, keyingi yilga qoldirishi mumkin.

O‘quv yili tugagach, oliy ta’lim muassasasida qarzdor talabalarning guruhi shakllantiriladi. Kredit-modul tizimi bo‘yicha qayta topshirmoqchi bo‘lgan, to‘lovni amalga oshirgan talabalarga fanlar bo‘yicha darslar tashkil etiladi.

Xullas, belgilangan dars soatlari o‘tib bo‘lingach, talaba qarzdor fanlardan imtihon topshiradi. Imtihondan o‘ta olmasa, keyingi yil yana to‘lov qilib, qaytadan imtihon topshiradi. Mana shu bosqichlarni bosib o‘tganidan so‘ng talaba davlat oliy ta’lim muassasasida o‘qishini davom ettiradi.

Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishni istagan talabalar bir martalik tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida imtihonsiz qabul qilinadi. Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Bugungi talabalar asosan nodavlat oliy ta’lim muassasasidan davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirishni istagani uchun bu haqda batafsilroq yoritishga harakat qildik. Endi o‘qishni ko‘chirishning boshqa holatlari ham bor. Bu haqda quyida keltiramiz.

***

Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqat ikkita uzrli sababga asosan ruxsat beriladi:

- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;

- davlat xizmatchisi ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda.

Davlat oliy ta’lim muassasasidan nodavlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish tartibini nodavlat OTMlar o‘zi mustaqil belgilaydi. Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasasidan nodavlat oliy ta’lim muassasasiga yoki xorijdan nodavlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish tartibini ko‘chirmoqchi bo‘linayotgan nodavlat OTMning o‘zi mustaqil belgilaydi.

Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasasi ichida bir yo‘nalish yoki fakultetdan boshqa yo‘nalish yoki fakultetga o‘qishni ko‘chirish masalasini rektor hal qiladi. Oliy ta’lim muassasasi ichida bir yo‘nalish doirasida ta’lim shaklini yoki tilni o‘zgartirish masalasini ham OTM ma’muriyati belgilaydi. Ammo, kechki, sirtqi yoki masofaviydan kunduzgiga o‘tkazish deyarli imkonsiz. Lekin kunduzgi ta’limdan kechki, sirtqi yoki masofaviyga ko‘chirish mumkin.

Xurshida ERNAZAROVA.