Samarqandda qaysi oliy ta’lim muassasasi ta’mirlanadi?

2020 yil Investitsiya dasturida, boshqa ob’yektlar qatori 5 ta sport va 3 ta oliy ta’lim muassasasida bunyodkorlik ishlari rejalashtirilgan.

Dasturga ko‘ra, Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti o‘quv binolari, talabalar turar joyini rekonstruksiya qilish va hududini obodonlashtirish amalga oshiriladi. Joriy va 2021 yillarga mo‘ljallangan bu ishlarga 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, 12 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Samarqand filialining 400 o‘rinli talabalar yotoqxonasi quriladi.

2020 yilda qurilish-bunyodkorlik ishlari rejalashtirilgan oliy ta’lim muassasalaridan yana bu – Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutidir.

Joriy yilda "Samtexnostroy invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati 11 millard so‘m mablag‘ hisobiga institutning bosh o‘quv binosini mukammal ta’mirlaydi.