Samarqandda 692 mahallada xatlov jarayonlari noto‘g‘ri olib borilgan
O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Xusan To‘xtayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, xatlov jarayonlari haqida so‘z yuritildi.
Unda aytilishicha, bugungi kunda viloyatimizdagi 3 million 800 mingdan ortiq aholining 712 ming nafarini 18-30 yoshdagi yoshlar tashkil etadi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” doirasida 1105 ta mahallada har bir yosh bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.
2021 yilda 55 378 nafar ishsiz yoshlardan 26 682 nafarining bandligi ta’minlangan, 6 053 nafar yoshlar doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilgan.
- Yoshlar bilan bo‘lgan muloqotda, afsuski, ularning aksariyati yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan xabardor emasligi, kimga murojaat qilishini bilmasligiga guvoh bo‘lyapmiz, - deydi X.To‘xtayev. – Demak, harakatlarimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz chekka hududlarga, eng pastki bo‘g‘inga yetib bormayapti. Olib borgan monitoringlarda 100 dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Rossiyada yurgan bolaga kredit ajratilgan, yana bir holatda “Yoshlar daftari”dagi yoshlar qolib, yaqin qarindoshlariga yer berilgan. 692 ta mahallada xatlov jarayonlari noto‘g‘ri olib borilgan. Bu esa yoshlarning e’tiroziga, bizga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishiga sabab bo‘layapti. Shuning uchun 15 maygacha qolib ketgan yoshlar xatlovdan o‘tkaziladi. 1-5 may kunlari Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati aks etgan o‘quv-qo‘llanma asosida yetakchilar uchun o‘quv-seminar tashkil etiladi. Ularga yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar batafsil tushuntiriladi.