"Yoshlar daftari"ga kiritilganlar uchun IELTS ga tayyorlov kurslari bepul
Bugungi kunda yoshlarning aksariyat qismi chet tilini o‘rganishga, asosan, IELTS tizimi bo‘yicha imtihonda qatnashib, yuqori ball olishga qiziqadi. Ammo maktabda olgan bilim bilan bu yo‘nalishda yaxshi natijaga erishib bo‘lmayotgani bor gap. Buning uchun qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashi talab etiladi. Ayrim yigit-qizlarning xizmatlari pullik bo‘lgani uchun o‘quv markazlarida yoki repetitordan ta’lim olishga iqtisodiy imkoniyati yo‘q. Ayniqsa, oilaviy sharoiti og‘ir “Yoshlar daftari”da turadiganlarning.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan shu kabi muammolarga yechim izlanyapti. Yaqinda boshqarma Samarqand shahrida yashovchi, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan bir guruh yigit-qizlarning orzularini amalga oshirish maqsadida "Polyglot School" chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Unga ko‘ra, “daftar”ga kiritilganlar orasidan til o‘rganishga qiziqishi kuchli bo‘lgan yoshlar boshqarma yo‘llanmasi asosida ushbu markazda bepul ta’lim olish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, IELTS sinovida 7 va undan yuqori ball to‘plagan barcha yoshlarning imtihon topshirishda sarflangan xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi mablag‘i hisobidan qoplab berilyapti. Shu paytga qadar yuqori natija ko‘rsatgan 89 nafar samarqandlik yoshning imtihon xarajatlari agentlik tomonidan qoplab berildi.
- Shuningdek, boshqarmamiz bilan “IT PARK” viloyat filiali o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. - Bu “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning axborot texnologiyalariga qiziqishini, kasbiy mahoratini oshirib borishga xizmat qiladi.
Viloyat bo‘yicha 71 ming 717 nafar yigit-qiz “yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, bugungi kungacha 69 ming 745 nafari chiqarilgan. Hozirda 1 ming 972 nafar yosh ruyxatda turibdi.
Mehroj Isayev.