"Yoshlar daftari"ni shakllantirishning pastdarg‘omcha usuli

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan pastdarg‘omlik yigit-qizlarga yer ajratish masalalari bilan yaqindan tanishish maqsadida shu tumanda bo‘ldik.

Avvalo tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Eldor Berdiyev bilan qisqagina suhbat qurdik. To‘liqroq ma’lumotni keyinroq berishini aytdi. Keyinroq esa hokim o‘rinbosari ham, boshqa mas’ullar ham yig‘ilishlardan bo‘shamadi, shekilli, uchrasholmadik.

Joylardagi ahvolni o‘rganish uchun Ilm mahallasiga bordik.

Mahallada 30 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.

- “Daftar”da turgan yoshlarning bir nafariga motokultivator, yana biriga tikuv mashinasi berildi, - deydi mahalla raisi o‘rinbosari Akrom Hasanov. – Qolgan 28 nafariga fermer xo‘jaliklari maydonlaridan yer maydoni berilgan.

- Ishsizligim tufayli “Yoshlar daftari”ga kiritilgandim, - deydi shu mahallada yashovchi Mansur Amirov. – Uyimizga yaqin joydan 25 sotix yer maydoni ajratildi. Bu yerga sabzi, sholg‘om, kartoshka ekdim.

"Temir yo‘l" mahallasida 18 nafar yosh “daftar"ga kiritilgan ekan. Ammo ularning bandligini ta’minlash, yer ajratish bo‘yicha ko‘rilgan choralar negadir boshqa joylardagiga o‘xshamaydi. Biz shu paytgacha ishsiz bo‘lib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va tuman hokimligi ko‘magida yer ajratib berilgan yoshlar bilan suhbat qurishimiz kerakligini mas’ullarga aytdik. Afsuski, faollar bizga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit yoki qizni topib berolmadi. Shu yil maktabni bitirgan yigit-qizlarga yer ajratilganligiga bizni ishontirmoqchi bo‘lishdi. Bitiruvchilardan biri yer unga emas, akasiga berilganini aytdi. Boshqasi esa...

Aslida shu yil maktabni bitirgan yigit-qizlar qachon va qay tartibda “Yoshlar daftari”ga kiritilishi mumkin?

- Nari borsa 10 kundan keyin aniq bo‘ladi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Sababi, viloyatimizda 52 mingdan ziyod bitiruvchi bo‘lsa, taxminan 11 mingdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiradi. Hozirda 50 mingdan ziyod yoshlar o‘qishga hujjat topshirgan. Demak, 41 mingdan ortiq yigit-qizlar mehnat bozoriga kirib keladi. Yoshlar onlayn platforma orqali ham “daftar”ga kirishi mumkin, ammo ularning ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, saralanadi.

Past Darg‘omda shu yil maktabni bitirgan yigit-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilganmi? Yoki bu “daftar”ni shakllantirishning pastdarg‘omcha usulimikan?!

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.