«Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» muammolarni bir kunda hal etib beradigan so‘rov emas
«Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» nima? Nega uni tashkil qilishga ehtiyoj tug‘ildi. Umuman, jamiyatda ushbu qatlamga e’tibor qaratilishidan qanday maqsadlar ko‘zlangan?
Yaqinda mamlakatimiz rahbari tomonidan jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu masala bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida sinovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Ayni kunlarda mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Ishtixon tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida amaliy harakatlar boshlangan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, kasaba uyushmalari federatsiyasi va boshqa tashkilotlardan kelgan guruh a’zolari so‘rov natijalarini jamlash, umumlashtirish ishlarini hudud vakillari bilan birgalikda amalga oshirmoqda.
Ishtixon tumaniga borganimizda bu yerda so‘rov o‘tkazish ishlari jadallik bilan boshlanganiga guvoh bo‘ldik.
- Yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, ya’ni «temir daftar» tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» shakllantirilmoqda, - deydi viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sayyora Jumayeva. - Bu ro‘yxatlar «temir daftar»dan alohida bo‘ladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan yoshlar, xotin-qizlar kiritiladi. Ular bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda namuna sifatida Kattaqo‘rg‘on shahri va Ishtixon tumanida so‘rovlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, barcha hududlarda uni amalga oshirish boshlab yuborildi.
Xo‘sh, so‘rov o‘tkazildi, umumiy natijalar jamlandi, uning umumiy tahlili natijasi nima bo‘ladi? Aholining qaysi muammolarini hal etishda ushbu jamlanmalar asqotadi? Birinchi navbatda so‘rovlar natijalari to‘rt sektor faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘ladi. Ya’ni, mahalla faollaridan tortib, tuman sektor rahbarlari uchun asosiy dastur sifatida foydalaniladi. Qolaversa, davlat dasturlarini tuzishda, aholining ijtimoiy himoyasini amalga oshirishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish kerakligi xususidagi ma’lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi.
Keyinchalik mazkur ro‘yxat asosida ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish mumkin. Masalan, oilaviy psixolog xizmati va tuman adliya bo‘limlari orqali huquqiy maslahatlar bepul tashkil qilinadi. Daftarlar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi.
- Mahallamizda to‘rt mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi Ishtixon tumanidagi Xonaqa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xadicha Qalandarova. – Ayni paytgacha ikki mingdan ko‘proq kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. So‘rovni amalga oshirishda mahalla faollari, ko‘chaboshilar, shuningdek, boshqa tashkilotlar vakillari ham yordam bermoqda. Muhimi, birorta xonadon chetda qolmasligi va so‘rovning har bir savoliga aniq javob olishdir. Ushbu so‘rov amalga oshirilgach, bizda mavjud «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» yanada mukammallashadi. Sababi, ayni paytda o‘tkazilayotgan so‘rovda nafaqat so‘ralganlarning ijtimoiy holati, balki ularning qiziqishlari, qanday ish qo‘lidan kelishi, qanday imkon berilsa uni uddalab keta olishi haqidagi fikrlar ham jamlanadi.
- Kattaqo‘rg‘on shahrida “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ni shakllantirish yuzasidan mas’ul rahbarlar ishtirokida xatlov o‘tkazilmoqda, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Feruza Rahimova. – Bunda adolatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, xatlov jarayonlarida hech kim e’tibordan chetda qolib ketmasligi uchun shahar hokimligi, yoshlar ishlari agentligi hamda tegishli tashkilotlar mas’ulligida ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ning yuritilishi bo‘yicha 10 kishidan iborat shahar shtabi, 4 ta sektorda 8 kishilik sektor shtablari tuzildi. Shahardagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida tuzilgan ishchi guruhlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Anketa so‘rovnomasi savollariga nazar tashlar ekanmiz, unda ishlash istagi bor yoki yo‘q, agar ishlash istagi bo‘lsa aynan qaysi yo‘nalishda tadbirkorlik qilish imkoniyatlari, kasb-hunarga o‘qish, chet elda ishlash istagi kabi jihatlar qamrab olinganiga guvoh bo‘ldik. Aniq savollarga berilgan javoblar umumlashtirilib, aholining ijtimoiy ahvoli haqida aniq bir baza tashkil etilishi, shunga ko‘ra kelgusi yil dasturlarida vazifalar belgilanishi, demakki, barchasi real tadqiqot natijalariga ko‘ra amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.