“Ayollar daftari” uchun xatlov boshlandi
Ayni kunlarda “Ayollar daftari”ning beshinchi bosqichi start oldi. Ya’ni, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘makka muhtoj ayollarni "daftar"ga kiritish maqsadida xatlov boshlangan.
Xo‘sh, uni amalga oshirish jarayoni qanday kechadi? Ro‘yxatga qanday muammolari bor ayollar kiritiladi? Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur masalaga aloqador boshqarma va tashkilot, shahar va tuman hokimliklari vakillari videokonferensaloqa tarzida ishtirok etdi. Yig‘ilishda “Ayollar daftari” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi, bu yilgi vazifalar belgilab olindi.
- Kasaba uyushmasi hamda oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida "Ayollar daftari" tizimi yo‘lga qo‘yilganiga bu yil beshinchi yil bo‘ldi, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi rahbari Suhrob Rafiqov. - 2023 yilda 108 ming 538 nafar xotin-qiz ushbu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa, bu yil taxminan yana shuncha xotin-qiz bu "daftar"ga kiritilishi rejalashtirilyapti. O‘tgan yil "daftar"ga kiritilgan ayollarning 108 490 nafarining muammolari hal etildi, qolganlari bilan manzilli ishlanmoqda. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 35 ming nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
4198 nafar ayolga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun jami 38,7 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 33 758 nafar opa-singillarimizga 22,2 milliard so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
-“Ayollar daftari”ning 5-bosqichi 2024 yilning 5 yanvar kunidan boshlandi va 20 yanvarga qadar davom etadi. Buning uchun, birinchidan, joylarda davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat har biri sakkiz nafardan bo‘lgan ishchi guruhlar tuzildi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Zebiniso Rahmonova. - 1126 ta mahallaning har birida bittadan ishchi guruh ishlaydi.
Ishchi guruh tarkibiga mahalla raisi, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari hamda shahar va tuman tashkilotlaridan vakillar jalb etildi.
Ishchi guruhlar 30 yoshdan oshgan har bir xotin-qizning muammolarini o‘rganib chiqadi. Xatlov kunlari kasalxonada davolanayotgan yoki mehnat migratsiyasida bo‘lgan, jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratish zarur.
Ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilib, bandligi ta’minlangan yoki tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilgan xotin-qizlar takroran “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi. Agar xotin-qizlar doimiy ishdan bo‘shatilgan yoki tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ya olmagan bo‘lsa “daftar”ga qaytadan kiritilishi mumkin.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2024 yil 1 martdan boshlab xotin-qizlarga amaliy yordam berish boshlanadi.
Gulruh MO‘MINOVA.