"Ayollar daftari"ga kiritilgan R.Ahbo‘tayevaga hokimlik ko‘mak beradi

Tahririyatimizga Jomboy tumani, Zarafshon mahallasi O‘rtabo‘z qishlog‘ida yashovchi Rohila Ahbo‘tayeva murojaat qilib, yolg‘iz yashashi, o‘tgan yili uyining tomidan chakka o‘tib qiynalgani, shu bois kuzgacha tomini ta’mirlashda ko‘mak berilishini so‘radi.

"Ayollar daftari"ga kiritilgan bu ayolning murojaatini o‘rganish va masalaga yechim topish uchun Jomboy tumani hokimligi bilan telefon orqali bog‘landik va R.Ahbo‘tayevaning manzilini berdik.

Hokimlik vakillari shu kuniyoq masalani joyiga chiqib o‘rgangani haqida javob xati yo‘lladi.

Unda ma’lum qilinishicha, o‘rganish jarayonida R.Ahbo‘tayevaning bir nafar qizi turmushga chiqib ketganligi, hozirgi kunda bir o‘zi yolg‘iz yashab kelayotganligi, yashab turgan uyining tom qismi ta’mirtalab ekanligi, yog‘ingarchilik paytida tomchi o‘tib qiyinchilik tug‘dirayotganligini aniqlangan.
"Ushbu fuqaro "Ayollar daftari"ning birinchi bosqichida bo‘lganligi inobatga olinib, xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi sessiyasiga uy-joyini ta’mirlash bo‘yicha tuman hokimining sayyor qabul va murojaatlar asosida shakllantirilgan ro‘yxatga kiritish va 50 ta shifer bilan ta’minlash haqida taklif kiritildi. Tez orada bu murojaat ijobiy hal etiladi va qo‘shimcha ma’lumot beriladi", deyiladi javob xatida.