“Ayollar daftari”ga kiritilganlarga 5 million so‘mgacha naqd holda kredit beriladi
Hukumat qarori bilan “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi xotin-qizlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
- tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- uy-joyga muhtoj xotin-qizlar;
- qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar.
Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun xotin-qizlarga 33 million so‘mgacha 14 foizlik kreditlar:
➖oilaviy tadbirkorlik uchun – 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
➖chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
➖bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilik uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha ajratiladi.
Ayollarga 5 million so‘mgacha kreditlar naqd berilishi mumkin.
Mazkur nizom tasdiqlanishi munosabati bilan “Ayollar daftari”ga oid ilgarigi vaqtinchalik tartib bekor qilindi.