Qabriston hududida, vagonda yashaydigan nochor oila nega “Temir daftar”ga kiritilmadi?

Joylarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar ahvoli, shuningdek, bu “daftar”larga kiritilmagan, lekin ijtimoiy ahvoli o‘ta og‘ir fuqaro va oilalarni o‘rganish maqsadida Samarqand tumanida bo‘ldik. Tumanning 3-sektori hududidagi Xishrav mahallasiga borganimizda ushbu mahallada ijtimoiy ahvoli og‘ir oilalarning yashash sharoiti bizni ko‘proq qiziqtirdi.

Masalan, Xishrav mahallasida yashovchi fuqaro Zilola Mahmudovaning yashash uyi yo‘q. Shuning uchun noiloj Arabxona mahallasi hududidagi qabriston yaqinida joylashtirilgan vagonda yashab kelmoqda. Oilaviy sharoiti o‘ta og‘ir, ikki nafar farzandi bor, turmush o‘rtog‘i Faxriddin Raupov mavsumiy ishchi bo‘lib ishlaydi. Lekin bu oila birorta “daftar”ga kiritilmagan.

Xo‘sh, mahalla raislari, faollar, bu holat bilan aloqador idora vakillari nega bu yerga kelmagan? Nega ular ahvolidan xabar olmagan? Nega bu oilani “Temir daftar”ga yoki Z.Mahmudovani “Ayollar daftari”ga kiritmagan? Ularga ko‘maklashish, oilaga ishlab, daromad topish imkoniyatlarini yaratib bermagan?

Endi tasavvur qiling: ayni kunlarda havo harorati 43 daraja issiqni ko‘rsatmoqda. Temirdan yasalgan, aksiga olib xarob vagonda yashash mumkinmi? Voyaga yetmagan farzandlari, ayniqsa, oilada beshikda yotgan chaqaloq borligi nahotki har narsadan xabardor bo‘lishi talab etilayotgan mahalla raisi, faollarining e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa? Qani bu yerda “Temir daftar”ga haqiqiy ehtiyojmandlarni kiritish zarurligiga qaratilgan tartib?

Albatta, biz holatni to‘liq o‘rgandik va bu oilani “Temir daftar”ga kiritish haqida taklif berdik. O‘ylaymizki, sektor rahbarlari, mahalla mas’ullari bu oila taqdiriga befarq qaramaydi.

Feruz Nasrullayev,

xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.