Urgutga temiryo‘l tarmog‘i tortish ishlari boshlandi

Shu yilning fevral oyidan boshlab Samarqand shahri va Urgut tumanini bog‘lovchi temiryo‘l qurilishiga kirishilgan edi.
Uzunligi 55 kilometr bo‘lgan yangi tarmoq “Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja bo‘yicha zamonaviy muhandislik yechimlari hisobga olingan holda barpo etilmoqda.
Samarqand shahar hududidan boshlanuvchi yangi temiryo‘l tarmog‘i Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan 4R-238 avtomobil yo‘lini kesib, Zarafshon daryosi bo‘ylab o‘tadi va ushbu daryo ustida barpo etiladigan ko‘prik orqali Urgut tumaniga boradi.
Bugun yangi temiryo‘l tarmog‘ini tortish ishlari boshlandi.
Temiryo‘l tarmog‘i tortish tadbirida ishtirok etgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev yangi temiryo‘l tarmog‘i aholining uzog‘ini yaqin qilishi, turizm, savdo-sotiq va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatini yanada oshirishini ta’kidladi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Allamuratovning ta’kidlashicha, temiryo‘l o‘tadigan 55 kilometr yo‘lning 25 kilometriga temiryo‘l tarmog‘i tortish uchun qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Shuningdek, ikkita vokzal qurilishi boshlangan bo‘lib, birinchisi Urgut shahrida, ikkinchisi Urgutning Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Jartepa hududida barpo etilmoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.