Samarqanddan Sankt-Peterburgga boradigan migrantlarning mehnat huquqlari kafolati muhokama etildi

Kecha Samarqand shahriga Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahar mehnat va aholi bandligi qo‘mitasi raisi D.Cherneyko boshchiligidagi delegatsiya a’zolari keldi.

Bugun delegatsiya vakillari viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomon Sankt-Peterburg shahriga ishchi kuchi yetkazib berishda o‘zaro bir tizim yaratishga kelishib oldi. Ular bu haqda yaxlit yo‘l xaritasi ishlab chiqish taklifini ma’qullashdi.

Muzokaralar chog‘ida rossiyalik mehmonlar Samarqanddan fuqarolarni ishga taklif qilish jarayoni tartibli tizimga solinsa, ushbu tizimni O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham qo‘llashini aytdi.

- Biz fuqarolarimizni Rossiya Federatsiyasiga ishga yuborish uchun hamkorlikda samarali loyihalarga qo‘l uryapmiz, - dedi viloyat hokimining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi Umid Normuratov. – Bugungi uchrashuvda rossiyalik hamkorlar bilan fuqarolarimizni ishga yuborishdagi ba’zi muammolarga ham yechim izladik. O‘zaro takliflarimizni berdik, ular ham o‘z talab va takliflarini bildirdi. Kelajakda mahallalarda tayinlanayotgan hokim yordamchilari mahalladagi ishsizlar sonini aniqlaydi. Biz esa ularni kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirib, ishlash istagida bo‘lganlarga ish topib beramiz.

D.Cherneyko boshchiligidagi delegatsiya vakillari Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazida ham bo‘lishdi. U yerdagi zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishgach, kelgusida o‘qitish jarayoniga metodik yordam berish taklifini ham bildirishdi.

Shuningdek, rossiyalik hamkorlar ishga jalb etilgan o‘zbekistonlik fuqarolarning patenti tayyor bo‘lguniga qadar ish beruvchilar tomonidan fuqaroning xohishiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasida kasbga o‘qitishga ham tayyor ekanini aytishdi.

Xurshida Ernazarova.