Samarqandda aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz rejaga nisbatan kam yetkazib berilgan

Bu borada eng katta ko‘rsatkich Samarqand shahriga yaqin hudud – Past Darg‘om tumanida qayd etilgan. Ushbu tuman aholisiga 128,5 tonna suyultirilgan gaz rejaga nisbatan kam yetkazib berilgan.

Bu haqda viloyat hokimligida dushanba kuni o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, 2019 yil yanvar-oktyabr oylari hamda noyabr oyining 10 kunligi davomida viloyat aholi xonadonlariga jami 50 271,450 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 49 183,280 tonna yetkazib berilgani qayd etilgan. Ya’ni rejaga nisbatan 1 088,170 tonna kam suyultirilgan gaz aholi xonadonlariga berilgan.

Jumladan, rejaga nisbatan Pastdarg‘om tumaniga 128,5 tonna, Jomboy tumaniga 127,2 tonna, Ishtixon tumaniga 121,9 tonna, Urgut tumaniga 114,5 tonna, Toyloq tumaniga 110,64 tonna, Samarqand tumaniga 104,74 tonna kam suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.

Shuningdek, Bulung‘ur tumani 98,18 tonna, Payariq tumani Chelak hududiga 66,76 tonna, Payariq hududiga 54,34 tonna, Narpay tumaniga 59,65 tonna,  Okdaryo tumaniga 49,58 tonna, Qo‘shrabot tumaniga 47,62 tonna, Nurobod tumaniga 16,09 tonna kam suyultirilgan gaz berilgan.

Yig‘ilishda tegishli mutasaddilarga bu borada kamchiliklarning oldini olish borasida aniq topshiriqlar berilgan.