Samarqandda elektrdagi avariya holatlarini tezkor bartaraf etish uchun 84 ta maxsus brigada bor. Xo‘sh, ularning samarasi qanday?
Xabar qilganimizdek, qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun elektr ta’minoti korxonalarida qanday ishlar bajarilgani haqida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali rahbari Umid Nazarov ishtirokidagi brifing o‘tkazildi.
U.Nazarovning ta’kidlashicha, Samarqand viloyatida 867 189 nafar jismoniy va 46 323 ta yuridik iste’molchilarga 142 dona nimstansiya, 12 272 ta transformator punktlari, 29 292,4 km elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasi yetkazib beriladi.
O‘tgan davrda 300 ga yaqin har xil quvvatdagi transformatorlar, 759,2 km elektr tarmog‘i tortildi va 14 ming 236 dona temir beton ustunlar yangisiga almashtirildi.
13 ta nimstansiya, 2 941,2 km elektr uzatish tarmoqlari, 1174 ta transformator punktlari, markaziy ta’mirlash ustaxonasi tomonidan yil boshidan 25-630 kilovatt amperli 702 ta kuch transformatorlari mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, 129 ta nimstansiya, 7012,8 km elektr uzatish tarmoqlari, 2102 ta transformator punktlari joriy ta’mirlandi.
Qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida viloyat bo‘yicha 542 nafar ishchi-mutaxassis va 42 ta maxsus texnikalardan iborat 84 ta avariyalarni bartaraf qilish brigadalari tashkil qilindi.
Bugungi kunda aholi va ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida barcha tashqi yoritish va reklama uskunalari tarmoqdan ajratilmoqda. Avariya holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Avariyalarni tezkor bartaraf qilish uchun 84 dona har xil quvvatdagi transformatorlar bilan birga 40 km kabel va simlar, 400 dona temir beton ustun, shuningdek, elektr-avtomat, ajratgichlar, saqlagich va 40 tonna transformator moyi zaxira qilindi.